“The Fintech Times”: O‘zbekiston Markaziy Osiyo fintex bozoridagi mavqeini kengaytirmoqda

Sentabr 08, 2026. 18:00 • 2 daq

70
“The Fintech Times”: O‘zbekiston Markaziy Osiyo fintex bozoridagi mavqeini kengaytirmoqda

LONDON, 8-sentabr. /“Dunyo” AA/. 2026-yilda O‘zbekiston 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan fintex (moliyaviy texnologiyalar)ni rivojlantirish milliy strategiyasini imzoladi va fintex-startaplarga 1 milliard dollar xorijiy sarmoya jalb etishni rejalashtirmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Britaniyaning “The Fintech Times” gazetasiga tayanib.

Maqolada qayd etilishicha, raqamli transformatsiyaga “Click” va “Payme” to‘lov xizmatlari asos bo‘ldi. Yangi bosqichning eng yorqin namunasi esa elektron tijorat, raqamli banking va kreditlashni o‘zida birlashtirgan “Uzum”dir.

Mart oyida kompaniya 2,3 milliard dollarga baholanib, 130 million dollardan ortiq sarmoya jalb qildi. Keyinroq Yevroosiyo taraqqiyot banki bilan 70 million dollar kredit ajratish to‘g‘risida kelishuv imzoladi.

Nashrda yozilishicha, O‘zbekiston 2030-yilga borib fintex-kompaniyalar sonini kamida 200 taga yetkazishni kutmoqda. 2026-yil sentyabr oyida ochiq banking tizimini joriy etish rejalashtirilgan bo‘lib, u fintex-kompaniyalarga mijozlarning moliyaviy maʼlumotlaridan ularning roziligi bilan foydalanish imkonini beradi.

Shu bilan birga, moliyaviy qamrov dolzarb muammo bo‘lib qolmoqda. Jahon banki maʼlumotlariga ko‘ra, 2024-yilda mamlakat voyaga yetgan aholisining 60,7 foizi bank hisobvarag‘iga ega bo‘lgan.

O‘zbekiston kelgusidagi raqamlashtirish va islohotlar hisobiga Toshkentning Markaziy Osiyodagi asosiy fintex markazlaridan biri sifatidagi mavqeini mustahkamlashga umid qilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish