Pokiston kompaniyasi Yangi Toshkent shahrida investitsiya loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qilish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurdi

Noyabr 05, 2026. 15:00 • 3 daq

• 17
Pokiston kompaniyasi Yangi Toshkent shahrida investitsiya loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qilish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurdi
Pokiston kompaniyasi Yangi Toshkent shahrida investitsiya loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qilish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurdi
Pokiston kompaniyasi Yangi Toshkent shahrida investitsiya loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qilish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurdi

ISLOMOBOD, 5-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida 2–4-noyabr kunlari Pokistonning “Vision Group” kompaniyasi raisi o‘rinbosari Abdul Rehman Xan boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga safari tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Biznes-missiya davomida “Vision Group” kompaniyasi mutasaddilari O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Unda Davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan bunyod etilayotgan Yangi Toshkent shahrida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan investitsiya loyihalarining umumiy konsepsiyasi, taxminiy ko‘lami, moliyalashtirish hamda tashkiliy-huquqiy mexanizmlari muhokama qilindi.

Xususan, yangi shaharda talab yuqori bo‘lishi kutilayotgan turar joy, mehmonxona, ofis va tijorat obyektlarini barpo etish, shuningdek, O‘zbekistonda doimiy faoliyat yurituvchi developerlik kompaniyasini tashkil etish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, Pokiston biznesi vakillari Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasida bo‘lib, istiqbolli loyihalar va investorlarga taqdim etilayotgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.

Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi mutasaddilari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda delegatsiya vakillariga investitsiya loyihalarini joylashtirish uchun mo‘ljallangan istiqbolli yer uchastkalari va ularning funksional yo‘nalishlari yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi.

Tomonlar alohida lotlarning joylashuvi, yer maydonlaridan foydalanish shartlari va auksionlarda ishtirok etish tartibi, shuningdek, qurilishning texnik parametrlari, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish hamda shaharsozlik talablarini muhokama qildilar.

Pokistonlik investorlar Yangi Toshkent shahri hududida zamonaviy turar joy majmualari bilan bir qatorda mehmonxonalar, biznes markazlari, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarini qamrab olgan ko‘p funksiyali loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirdi.

Bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida tomonlar dastlab aniq investitsiya loyihalarining konsepsiyalari, arxitekturaviy yechimlari, yer maydoniga bo‘lgan ehtiyoj va dastlabki moliyaviy hisob-kitoblarini ishlab chiqish, shundan so‘ng qo‘shimcha muzokaralar o‘tkazish maqsadida “Vision Group” kompaniyasi rahbariyatining Toshkentga navbatdagi tashrifini tashkil etish masalasida kelishuvga erishdilar.

“Mamlakatingiz elchixonasining Yangi Toshkent shahri loyihasida ishtirok etish taklifi bizda katta qiziqish uyg‘otdi. Shu bois kompaniyamiz delegatsiyasi bilan O‘zbekistonga keldik. Bu O‘zbekistonga ilk tashrifimiz. Dastlab yurtingizda bunday imkoniyatlar mavjudligiga ishonmagan edik, — dedi pokistonlik investor Abdul Rehman Xan. — Pokistonda bir nechta yirik loyihalarni amalga oshirganmiz. Katta ish tajribasiga egamiz, desam, mubolag‘a bo‘lmaydi. Safarimiz davomida mazkur mega-loyihada ishtirok etish bo‘yicha samarali muzokaralar o‘tkazdik. Endigi vazifamiz o‘zbekistonlik hamkorlar bilan birgalikda tez fursatda amaliy harakatlarni boshlashdan iborat”.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 14-oktabr kuni O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokistonning “Vision Group” kompaniyalar guruhi rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazgan edi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish