Logo

Pokiston OAV: O‘zbekiston Prezidentining Pokistonga davlat tashrifi o‘z ko‘lami, kun tartibining chuqurligi va erishilgan natijalari jihatidan haqli ravishda tarixiy bo‘ldi

Fevral 10, 2026. 16:45 • 3 daq

83
Pokiston OAV: O‘zbekiston Prezidentining Pokistonga davlat tashrifi o‘z ko‘lami, kun tartibining chuqurligi va erishilgan natijalari jihatidan haqli ravishda tarixiy bo‘ldi
Pokiston OAV: O‘zbekiston Prezidentining Pokistonga davlat tashrifi o‘z ko‘lami, kun tartibining chuqurligi va erishilgan natijalari jihatidan haqli ravishda tarixiy bo‘ldi
Pokiston OAV: O‘zbekiston Prezidentining Pokistonga davlat tashrifi o‘z ko‘lami, kun tartibining chuqurligi va erishilgan natijalari jihatidan haqli ravishda tarixiy bo‘ldi

ISLOMOBOD, 10-fevral. /“Dunyo” AA/. Pokistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shu yil 5-6-fevral kunlari Islomobod shahriga amalga oshirgan davlat tashrifi yakunlarini keng yoritmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xususan, ushbu mamlakatning «Associated Press of Pakistan», «Diplomatic Affairs», «CPEC News», «MNN News», «Media Online Today», «Dailysubnews», «The World News», «Times of Central Asia», «NN Pakistan» va «Sub News English» elektron nashrlari, «The Diplomatic Insight» jurnali hamda «World News Pakistan» gazetasida O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Neʼmatov qalamiga mansub «Tarixiy tashrif: O‘zbekiston va Pokiston strategik sherikligining yangi ufqlari» sarlavhali maqolalar eʼlon qilindi.

Muallif yozganidek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Pokistonga davlat tashrifi o‘z ko‘lami, kun tartibining chuqurligi va erishilgan natijalari jihatidan to‘laqonli ravishda tarixiy, deb baholanishi mumkin. U nafaqat ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga olib chiqdi, balki O‘zbekiston-Pokiston hamkorligini anʼanaviy davlatlararo muloqot doirasidan ancha keng bo‘lgan, keng qamrovli strategik sheriklik formatida amalda rasmiylashtirdi.

«Tashrif dasturi nihoyatda sermazmun bo‘lib, tomonlarning uzoq muddatli, institutsional jihatdan barqaror hamkorlik modelini shakllantirishga bo‘lgan intilishini yaqqol aks ettirdi. Pokiston Prezidenti Asif Ali Zardoriy va Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif bilan bo‘lib o‘tgan alohida muzokaralar siyosiy ishonchning yuksak darajasini, shuningdek, ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish, mintaqaviy xavfsizlik va barqaror taraqqiyot masalalari bo‘yicha yondashuvlarning mushtarak ekanini tasdiqladi», – deb qayd etgan SMTI direktorining birinchi o‘rinbosari.

Maqolalarda bugungi kunda bunday hamkorlik global noaniqlik, taʼminot zanjirlarining parchalanishi, proteksionizmning kuchayishi, geosiyosiy ziddiyatlarning ortishi, shuningdek, iqlim va resurslar bilan bog‘liq muammolar sharoitida ayniqsa dolzarb ahamiyat kasb etayotgani alohida taʼkidlangan. Muallifga ko‘ra, ana shu sharoitda Toshkent va Islomobod o‘rtasidagi strategik sheriklik butun makromintaqaning barqarorligi va mustahkamligini taʼminlovchi muhim omillardan biri sifatida namoyon bo‘lib, zamonaviy chaqiriqlarga birgalikda javob qaytarish uchun ishonchli platforma yaratadi.

Tashrif davomida umumiy qiymati taxminan 3,5 milliard AQSh dollarini tashkil etuvchi qo‘shma loyihalar portfeli shakllantirildi. Bu biznes doiralarining ikki tomonlama kooperatsiyaga bo‘lgan jiddiy va uzoq muddatli qiziqishini ko‘rsatadi. Iqtisodiy hamkorlikni institutsional jihatdan mustahkamlash O‘zbekiston–Pokiston ishbilarmonlar kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi qaror bilan yana-da qo‘llab-quvvatlandi.

«Tashrifning strategik ahamiyati, ayniqsa, transport-logistika kun tartibida yaqqol namoyon bo‘ldi. Savdo hajmlarini va sanoat kooperatsiyasini yanada kengaytirish tranzit o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirishga bevosita bog‘liq bo‘lib, shu nuqtai nazardan Transafg‘on temir yo‘l koridori loyihasiga alohida eʼtibor qaratildi», – deya urg‘ulangan manbada.

Pokiston OAVda eʼlon qilingan materiallarda yozilganidek, davlat tashrifiga yuksak siyosiy va ramziy baho O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Pokistonning eng oliy davlat mukofoti – «Nishoni Pokiston» ordeni bilan taqdirlash, shuningdek, Pokiston Milliy fan va texnologiyalar universitetining faxriy doktori va professori unvonini berish orqali ifodalandi.

«Yetakchi Pokiston universiteti tomonidan akademik unvon berilishi ilmiy va taʼlim sohasidagi almashuvlarga ochiqlikni taʼkidlab, qo‘shma tadqiqot dasturlarini rivojlantirishga turtki beradi hamda mamlakatlar o‘rtasidagi madaniy va gumanitar aloqalarni mustahkamlaydi. Umumiy tarixiy xotirani abadiylashtirishga qaratilgan qarorlar ham alohida ramziy ahamiyatga ega — Islomobod shahrida Toshkent ko‘chasi va Bobur bog‘ini barpo etish shular jumlasidandir», – deyiladi maqolalar xulosasida.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish