Armanistonda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida Bosh vazir Nikol Pashinyan partiyasi g‘alaba qozonmoqda
Iyun 08, 2026. 14:25 • 2 daq
• 142
ERЕVAN, 8-iyun. /“Dunyo” AA/. Armaniston Bosh vazirining hukmron “Fuqarolik kelishuvi” partiyasi byulletenlarning 90 foizdan ortig‘i sanab bo‘lingach, parlament saylovlarida ishonch bilan peshqadamlik qilmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Armenpress” axborot agentligi ma’lumotiga tayanib.
Dastlabki natijalarga ko‘ra, partiya taxminan 49,81 foiz (727 ming 160) ovoz to‘plab, parlamentda ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritmoqda. Shuningdek, qonunchilik organidan muxolif “Qudratli Armaniston” (23,29 foiz) va “Armaniston” (9,94 foiz) bloklari hamda “Farovon Armaniston” (4 foiz) partiyasi ham o‘rin olmoqda.
Ayni paytda 2005 ta saylov uchastkasidagi ovoz berish natijalari sarhisob qilindi. Ovoz berishda jami 1 million 476 ming 916 kishi ishtirok etgan.
Bosh vazir Nikol Pashinyan o‘z siyosiy kuchining g‘alabasini e’lon qildi va hukumatni shakllantirish rejalarini ma’lum qildi. U Turkiya va Ozarbayjon bilan munosabatlarni normallashtirish, shuningdek, Armanistonning YEOII tarkibidagi ishtirokini saqlagan holda Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashuvni davom ettirish kursini alohida ta’kidladi.
Muxolif kuchlar ovoz berish jarayonida qonunbuzarliklar bo‘lganini ma’lum qilib, hukumatni saylov komissiyasiga bosim o‘tkazganlikda aybladi. Muxolifat vakillari Bosh vazirning ovozlarni sanash yakunlanmasdan turib g‘alabani e’lon qilganini tanqid ostiga oldi.
Saylovlar Armanistondagi keskin siyosiy bahs-munozaralar va tashqi siyosatdagi o‘zgarishlar fonida bo‘lib o‘tdi. Ovoz berishda jami 18 ta siyosiy kuch qatnashdi. Saylov qonunchiligiga muvofiq, partiya parlamentdagi o‘rinlarning kamida 52 foizini qo‘lga kiritsa, hukumatni mustaqil ravishda shakllantirishi mumkin.
“Reuters” agentligi surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi