“Infora News”: Samarqand – Markaziy Osiyoning «yashil» investitsiyalar va innovatsiyalar poytaxti deb e’lon qilinishi mumkin

Iyun 08, 2026. 15:55 • 2 daq

128
“Infora News”: Samarqand – Markaziy Osiyoning «yashil» investitsiyalar va innovatsiyalar poytaxti deb e’lon qilinishi mumkin

ISLOMOBOD, 8-iyun. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Infora News” elektron nashrida “O‘zbekiston Samarqandni “Markaziy Osiyoning yashil investitsiyalar va innovatsiyalar poytaxti” deb e’lon qilishni taklif etmoqda” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Unda Samarqandda ekologiya sohasidagi eng muhim xalqaro tadbirlaridan biri Global ekologik jamg‘armaning (GEF) VIII Assambleyasi bo‘lib o‘tgani ma’lum qilingan.

Ta’kidlanganidek, forumning ochilish marosimida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Assambleya ishtirokchilariga tabrigini Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘qib eshittirdi.

“Davlat Rahbari o‘z tabrigida bugungi kunda insoniyat misli ko‘rilmagan inqirozlar – iqlim o‘zgarishi, biologik xilma-xillikning yo‘qolib borishi, atrof-muhit ifloslanishi kabi tahdidlarga duch kelayotganini qayd etib, bu kabi muammolarni hal etishda Global ekologik jamg‘arma alohida o‘rin egallab kelayotganini ta’kidlagan, – Tabrikda O‘zbekiston Prezidenti tomonidan bir qator tashabbuslar ham ilgari surildi. Jumladan, Samarqandni “Markaziy Osiyoning yashil investitsiyalar va innovatsiyalar poytaxti” deb e’lon qilish taklif etildi.

Bundan tashqari, 2027-yilgi Toshkent investitsiya forumi “Barqaror rivojlanish va yashil investitsiyalar” mavzusida o‘tkazilishi va uning doirasida “Eco Expo Central Asia” xalqaro ko‘rgazmasi tashkil etilishi tashabbusi ilgari surildi.

E’tiborli jihati O‘zbekiston yetakchisi tabrigida O‘zbekiston Global ekologik jamg‘arma donor mamlakatlari qatoriga qo‘shilishga tayyorligi ham ma’lum qilindi.

“Samarqanddagi forum dasturi doirasida iqlim o‘zgarishi va uning oqibatlariga bardoshlilikni oshirish, bioxilma-xillikni saqlash, yer degradatsiyasi va cho‘llanishga qarshi kurash, suv resurslarini boshqarish hamda atrof-muhit ifloslanishini kamaytirish kabi masalalar muhokama qilindi. Jamg‘armaning 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan yangi moliyaviy dasturiga (GEF-9) alohida e’tibor qaratilib, tabiat, iqlim va ifloslanishga qarshi kurash masalalarini birlashtiruvchi kompleks yondashuvlar ishlab chiqildi”, – deb yozilgan “Infora News” nashri maqolasida.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish