O‘zbekiston Prezidenti Samarqandda dunyoda lokomotivlar, temir yo‘l texnikasi, raqamli va servis yechimlarini ishlab chiqaruvchi yetakchi Amerika kompaniyasi rahbarini qabul qildi
Oktabr 19, 2026. 18:25 • 2 daq
• 73
TOSHKЕNT, 19 oktyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun “Wabtec” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi va bosh ijrochi direktori Rafael Santanani qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvda mamlakatimizda temir yo‘l infratuzilmasi va tranzit salohiyati rivojlanayotganini hisobga olib, lokomotivlar parkini yangilash va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
AQSh moliya institutlari ishtirokida lokomotivlarni ularning uzoq muddatli servisi bilan birga yetkazib berish masalalari muhokama qilindi. O‘zbekistonda texnik xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, butlovchi qismlar ishlab chiqarish va mutaxassislar tayyorlash masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Tog‘-kon korxonalarining karer texnikasi uchun servis markazini tashkil etish hamda dizel-generator qurilmalari bo‘yicha hamkorlik qilish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
“Wabtec” kompaniyasi – lokomotivlar, temir yo‘l texnikasi, raqamli va servis yechimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha jahonning yetakchi kompaniyalaridan biri. Kompaniya Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham loyihalarni amalga oshirmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi