O‘zbekiston va Iordaniya munosabatlari yangi bosqichga ko‘tariladi

Noyabr 24, 2026. 18:30 • 2 daq

• 109
O‘zbekiston va Iordaniya munosabatlari yangi bosqichga ko‘tariladi

TOSHKENT, 24-noyabr. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn Ammon shahridagi “Al-Husayniya” saroyida kengaytirilgan tarkibda muzokara o‘tkazdilar, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokida o‘tgan uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va ko‘p qirrali aloqalarni yanada rivojlantirish hamda hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi.

Siyosiy muloqotlar va idoralararo almashinuvlar faollashgani, o‘zaro savdo hamda investitsiyalar hajmi barqaror ortib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida savdo, investitsiya, transport va logistika, tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, sog‘liqni saqlash hamda farmatsevtika sohalari ko‘rsatib o‘tildi.

Imtiyozli savdo bitimini imzolash, o‘zaro savdo hajmini kelgusida 500 million dollarga yetkazish masalasiga alohida to‘xtalindi.

Madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish uchun madaniyat va san’at haftaliklarini o‘tkazish, diniy-ma’rifiy yo‘nalishda tajriba almashish, sayyohlik almashinuvini kengaytirish, qadimiy shaharlar o‘rtasida birodarlik aloqalarini o‘rnatish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Qo‘shilmaslik harakati, “Aqaba jarayoni” formati va boshqa nufuzli tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash amaliyotini davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik va o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishga qaror qildilar.

Oliy darajadagi kelishuvlarning ijrosini to‘liq ta’minlash uchun keng qamrovli “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Prezidenti Iordaniya Podshohini mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish