O‘zbekiston Prezidenti raisligida jamoat xavfsizligini ta’minlashning yangi mexanizmlari ko‘rib chiqildi

Noyabr 04, 2026. 18:40 • 4 daq

• 30
O‘zbekiston Prezidenti raisligida jamoat xavfsizligini ta’minlashning yangi mexanizmlari ko‘rib chiqildi

TOSHKЕNT, 4-noyabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun huquqbuzarliklar profilaktikasini zamon talablari asosida takomillashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatimizda jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va mahallalarda barqaror ijtimoiy muhitni shakllantirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, hududlarda xavfsizlik infratuzilmasi kengaytirilib, 263 mingta tanib oluvchi kamera, 70 mingta zamonaviy domofon va 22 mingta tashvish tugmasi o‘rnatildi. Ijtimoiy profilaktika choralari orqali 2,1 million nafar shaxsning muammolari manzilli hal etildi.

Natijada kriminogen vaziyati eng og‘ir bo‘lgan 809 ta mahallaning 701 tasi ushbu toifadan chiqarildi. Qariyb 4,4 mingta mahalla “yashil” toifada qolmoqda.

Shu bilan birga, jamiyatdagi o‘zgarishlar, raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi, kiberjinoyatchilik va boshqa zamonaviy tahdidlar huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimini yangi bosqichga olib chiqishni taqozo etmoqda.

Xususan, 2014-yilda qabul qilingan “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonunga o‘tgan davrda 20 dan ortiq o‘zgartirish kiritilgan bo‘lsa-da, uning ayrim normalari bugungi talablarga javob bermay qolgan.

Shu munosabat bilan taqdimotda mazkur qonunni yangi tahrirda qabul qilish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari yangi qonun huquqbuzarlik sodir etilgandan keyin chora ko‘rishga asoslangan yondashuvdan xavf-xatarlarni oldindan aniqlash va bartaraf etishga qaratilgan proaktiv profilaktika modeliga o‘tishni ta’minlashi zarurligini ta’kidladi.

Bugungi kunda huquqbuzarliklar profilaktikasi bilan 14 ta davlat idorasi shug‘ullanayotgan bo‘lsa-da, ularning vazifalari ayrim hollarda takrorlanmoqda, vakolatlari aniq chegaralanmagan. Taqdimotda profilaktika subyektlari doirasini yana 7 taga kengaytirish taklif qilindi.

Prezidentimiz bu taklifning maqsadga muvofiqligini aniq asoslash, eng avvalo, har bir idoraning vazifasi, vakolati va javobgarligini belgilash, ular o‘rtasida samarali hamkorlikni ta’minlash muhimligini qayd etdi.

Shuningdek, yangi tahrirdagi qonun loyihasida Huquqbuzarliklar profilaktikasi komissiyasining vakolatlarini qonun darajasida belgilash nazarda tutilmoqda. Bunda davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, profilaktika choralarining samaradorligini baholash va monitoring qilish mexanizmlarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilgan.

Qonun loyihasida ilk bor profilaktikaning yangi yo‘nalishlarini belgilash, xususan, giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlar, kiberjinoyatchilik, uyushgan jinoyatchilik, yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi kurashishda preventiv choralarni kuchaytirish nazarda tutilmoqda.

Qolaversa, ijtimoiy va viktimologik profilaktika mexanizmlarini takomillashtirish, ta’lim muassasalarini profilaktika tadbirlari bilan keng qamrab olish, jinoyatdan jabrlangan fuqarolarning xavfsizligi va ijtimoiy himoyasini ta’minlash bo‘yicha yangi normalar ilgari surildi.

Bunda jinoyatdan jabrlanganlar va guvohlarning hayoti, sog‘lig‘i hamda mol-mulkiga tahdid yuzaga kelganda ularning xavfsizligi va ijtimoiy himoyasini ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashishda ko‘maklashgan fuqarolarni rag‘batlantirish ko‘zda tutilmoqda. Shu bilan birga, huquqbuzarliklarni keltirib chiqaruvchi sabablarni bartaraf etish yuzasidan majburiy profilaktik ko‘rsatma berishning huquqiy asoslarini belgilash taklif qilinmoqda.

Taqdimotda kriminogen vaziyatni baholash va huquqbuzarliklarning oldini olish choralari samaradorligini nazorat qilish tizimini takomillashtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Qayd etilganidek, hozirgi baholash usullari asosan statistik ma’lumotlarga tayanadi. Jinoyatchilikka ta’sir qiluvchi ijtimoiy-iqtisodiy omillar yetarlicha tahlil qilinmaydi, mavjud axborot tizimlari o‘zaro to‘liq integratsiyalashmagan.

Shu bois, kriminogen vaziyatni baholashning yangi modelini joriy etish taklif qilindi. Unga ko‘ra, ilk bor aholining xavfsizlik hissi va yashirin jinoyatchilik ko‘rsatkichlarini ham inobatga oladigan “kriminogen barqarorlik indeksi”ni shakllantirish ko‘zda tutilmoqda.

Buning uchun davlat idoralarining axborot resurslarini birlashtiradigan yagona kriminogen ma’lumotlar platformasini ishga tushirish, sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida jinoyatchilik xavflarini tahlil qilish va prognozlash, kriminogen xaritalarni shakllantirish rejalashtirilmoqda.

Mazkur mexanizmlar orqali hudud va mahallalardagi kriminogen vaziyat muntazam baholanib, xavf darajasiga qarab manzilli profilaktika choralari belgilanadi. Mas’ul idoralar faoliyati natijadorlik ko‘rsatkichlari asosida baholanadi, muammolarni hal etish yuzasidan ta’sirchan nazorat o‘rnatiladi.

Davlatimiz rahbari huquqbuzarliklar profilaktikasi faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi bo‘lib qolmasdan, barcha mas’ul idoralar, mahalla va jamoatchilikning hamjihatlikdagi faoliyatiga asoslanishi kerakligini ta’kidladi.

Har bir mahallada xavfsiz muhit yaratish, huquqbuzarliklarni keltirib chiqarayotgan omillarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish, fuqarolar osoyishtaligini ishonchli ta’minlash ustuvor vazifa ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Taqdimot yakunida mutasaddilarga qonun loyihasini bildirilgan fikr-mulohazalar asosida takomillashtirish, profilaktika subyektlarining vazifa va vakolatlarini aniq belgilash, raqamli tahlil va monitoring mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Kriminogen vaziyatni baholashning yangi modelini joriy etishni nazarda tutuvchi farmon imzolandi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish