O‘zbekiston Prezidenti raisligida sunʼiy intellekt va raqamlashtirish sohasidagi vazifalar ko‘rib chiqildi
May 01, 2026. 18:18 • 6 daq
• 107
TOSHKENT, 1-may. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun sunʼiy intellekt va raqamlashtirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, mamlakatimizda raqamlashtirish va sunʼiy intellektni joriy qilish orqali iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish hamda insonlar hayotini yengillashtirishga qaratilgan tizimli ishlar olib borilmoqda.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga muvofiq, IT xizmatlari va dasturiy mahsulotlar eksportini 5 milliard dollarga yetkazish, sohada 300 ming nafar yoshlarni band qilish hamda BMTning Elektron hukumat indeksida yurtimizni dunyoning yetakchi 30 davlati qatoriga kiritish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.
So‘nggi yillarda raqamlashtirish sohasining mamlakatimiz iqtisodiyotiga taʼsiri sezilarli darajada oshgan. Oxirgi besh yilda sohadagi yalpi qo‘shilgan qiymat o‘rtacha 24,8 foizga o‘sib, mazkur ko‘rsatkich YAIM o‘sish surʼatlaridan 3,5 barobar yuqori bo‘lgan. Axborot va aloqa tarmog‘ida band bo‘lganlar soni 2017-yildagi 64,3 ming nafardan 108,8 ming nafarga, o‘zini o‘zi band qilganlar soni esa 10 mingdan 181 ming nafarga yetgan. Hozirgi kunda sohada 11 ming 900 dan ziyod korxona faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ularning qariyb 1,4 mingtasi xorijiy kapital ishtirokida tashkil etilgan.
Shu bilan birga, hozirda sunʼiy intellekt yo‘nalishida 100 ga yaqin amaliy loyiha va 200 dan ortiq tajriba-sinov tashabbuslari boshlangan. Jumladan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 3-mis boyitish fabrikasida sunʼiy intellekt yordamida ishlab chiqarish zanjirini real vaqt rejimida tahlil qilish yo‘lga qo‘yilgani natijasida energiya sarfi 10 foizga, tannarx 15 foizga qisqargan, mehnat unumdorligi esa 10 foizga oshgan.
Bunday loyihalar samaradorligini taʼminlash uchun 24 million dollarlik GPU-klasterga ega sunʼiy intellekt infratuzilmasi ishga tushirilgan. Yil yakunigacha qo‘shimcha hisoblash quvvatlarini kengaytirish uchun yana 45 million dollarlik uskunalarni jalb qilish rejalashtirilgan. Taʼkidlanganidek, endi bu infratuzilmadan to‘g‘ri va samarali foydalanish, uni tarmoqlar kesimida aniq natija beradigan yechimlar bilan bog‘lash muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu maqsadda tibbiyot, energetika, transport, bojxona, soliq, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarga oid 130 dan ziyod maʼlumotlar bazasini tizimlashtirish, ular bilan ishlash muhitini shakllantirish hamda sunʼiy intellekt modellarini joriy qilish rejalari ko‘rib chiqildi. Bu orqali davlat xizmatlarida foydalanuvchilarga taqdim etiladigan servislarni kengaytirish, davlat boshqaruvi jarayonlarida tahlil va qaror qabul qilish sifatini oshirish, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlarida xarajatlarni kamaytirish va samaradorlikni yuksaltirish ko‘zda tutilmoqda.
Taqdimotda sunʼiy intellekt texnologiyalarini qo‘llashning sohaviy yo‘nalishlariga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
Xususan, sog‘liqni saqlashda insult va ko‘krak bezi saratonini erta aniqlash, tibbiy ko‘rik jarayonlarini avtomatik bayonlashtirish, raqamli tibbiy yordamchi dasturlarni joriy etish; qishloq xo‘jaligida ekinlar hosildorligini prognoz qilish, fitosanitar xavflar bo‘yicha fermerlarning xabardorligini taʼminlash, yaylovlarning holatini monitoringini uyushtirish; transport sohasida yo‘l qoplamalari va temir yo‘l infratuzilmasini monitoringini o‘tkazish, haydovchini xavfli vaziyatlardan ogohlantirish, “aqlli” transport tizimlarini rivojlantirish; qurilish va sanoatda esa qonunbuzarliklarni aniqlash, smeta hujjatlarini ko‘rib chiqish muddatini qisqartirish, videotahlil orqali ishlab chiqarish jarayonlarini nazorat qilish kabi loyihalarni kengaytirish nazarda tutilgan.
Infratuzilmani rivojlantirish bilan birga mahalliy startaplarni qo‘llab-quvvatlash va aholi, ayniqsa, yoshlarning raqamli ko‘nikmalarini shakllantirish masalalari ham muhokama qilindi. Bugungi kunda mamlakatimizda startaplar soni 950 taga yetgan, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 37,5 foizlik o‘sishni anglatadi. Venchur fondlarning soni 22 taga yetib, ekotizim qiymati esa 4,3 milliard dollar deb baholanmoqda. Startaplarga kiritilgan investitsiyalar hajmi 132 million dollarni tashkil etgani taʼkidlandi.
Joriy yildan boshlab startaplar bo‘yicha Prezident tanlovining mukofot jamg‘armasi AT yo‘nalishida 5 million dollarga oshirilgani, sunʼiy intellekt yo‘nalishida esa 1 million dollarlik yangi tanlovlar joriy qilingani maʼlum qilindi. Shuningdek, “President AI Award”ni davlat boshqaruvi, sanoat va tadbirkorlik, sog‘liqni saqlash, taʼlim, “yashil iqtisodiyot” va agrotexnologiyalar kabi 5 yo‘nalishda tashkil etish taklifi bildirildi.
2030-yilgacha axborot texnologiyalari sohasida 300 ming yoshning bandligini taʼminlashga qaratilgan choralar ham ko‘rib chiqildi. Buning uchun hududlarda raqamli ekotizimni kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, eksportbop xizmatlar ko‘lamini oshirish va startaplarning o‘sish nuqtalarini ko‘paytirish zarurligi taʼkidlandi.
Shu munosabat bilan Samarqand, Namangan, Sirdaryo va Buxoroda IT-Parkning yangi filiallari, Nurafshon shahrida esa raqamli R&D markazini tashkil etish bo‘yicha rejalar haqida axborot berildi. Nurafshon shahrida 7,3 gektar maydonda tashkil etiladigan mazkur markaz doirasida 6 ta yuqori texnologiyali laboratoriya, sunʼiy intellekt uchun 200 ta GPUli hisoblash markazi, startap kampusi va tijoratlashtirish markazini barpo etish ko‘zda tutilgan. Loyihaning umumiy qiymati 200 million dollarni tashkil etib, uni 2027-2031-yillarda amalga oshirish rejalashtirilgan.
Taqdimotda raqamli taʼlimni rivojlantirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.
“5 million sunʼiy intellekt yetakchilari” loyihasi doirasida 1 milliondan ortiq boshlang‘ich kurs tinglovchilari, 300 mingdan ziyod o‘rta bosqich tinglovchilari va 1,5 ming professional darajadagi mutaxassis tayyorlangani aytildi. Endi maktablarda sunʼiy intellekt va startap xonalarini tashkil etish taklif qilindi.
Shu bilan birga, maktablarda raqamli infratuzilma holati tahlil qilindi. Hozirda 69 foiz maktablarda Wi-Fi zonasi umuman mavjud emasligi, 5 mingta kompyuter sinfi maʼnan eskirgani, 2 mingta maktabda esa bunday xonalar yo‘qligi qayd etildi. Shu bois, 2030-yilgacha 16 mingta kompyuter sinfxonalarini yangilash, maktablarni bepul Wi-Fi nuqtalari bilan taʼminlash va internet tezligini oshirish bo‘yicha aniq choralar ko‘rish zarurligi taʼkidlandi.
Yig‘ilishda mahalliy AT yechimlaridan foydalanishni kengaytirishga ham alohida urg‘u berildi. Davlat ishtirokidagi korxonalar va banklardagi dasturiy mahsulot va axborot texnologiyalari xizmatlarining kamida 45 foizini mahalliylashtirish imkoniyati mavjudligi qayd etildi. Shu munosabat bilan davlat korxonalari va banklar tomonidan AT xizmatlar import qilinishida majburiy tartibda Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi bilan kelishish tizimini joriy qilish, buyurtmalarni IT-Park rezidentlariga yo‘naltirish taklif etildi.
Telekommunikatsiya infratuzilmasi va tartibga solish sohasidagi ishlarga ham to‘xtalib o‘tildi.
Keyingi yillarda aholi maskanlarining telekommunikatsiya xizmatlari bilan qamrovi 41 foizdan 98 foizga yetgan, umumiy internet o‘tkazish qobiliyati esa 65 barobar oshib, 4,4 ming gigabit/sekundga chiqqan. Teleradiokommunikatsiya bozorini tartibga solish, xizmatlar sifatini monitoring qilish va foydalanuvchilar huquqlarini himoya qilish maqsadida alohida agentlik tashkil qilingani qayd etildi.
Taqdimotda telekommunikatsiya bozorini har yili kamida 10 foizga oshirib, joriy yilda 27,5 trillion so‘mga yetkazish rejalari ko‘rib chiqildi.
Kiberxavfsizlikni taʼminlash, davlat axborot tizimlarini integratsiya qilish va raqamli hukumat platformasini mustahkamlash masalalari ham muhokama qilindi. Davlat axborot tizimlarini faqat yagona raqamli hukumat platformasi orqali integratsiya qilish, kiberxavfsizlik ekspertizasidan o‘tmagan tizimlarni raqamli hukumatga ulashni cheklash, shuningdek, axborot xavfsizligini kuchaytirish maqsadida har ikki yilda bir marta to‘liq IT-audit o‘tkazish zarurligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari sunʼiy intellekt va raqamlashtirish bugungi kunda faqat texnologik yangilanish emas, balki iqtisodiyot samaradorligi, davlat boshqaruvi sifati, xizmatlar qulayligi, eksport salohiyati va mamlakat raqobatbardoshligini belgilaydigan strategik yo‘nalish ekanini taʼkidladi. Sohadagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi