Nemis matbuoti Xivadagi “Lazgi” festivalini keng yoritmoqda
May 01, 2026. 16:55 • 2 daq
• 59BERLIN, 1-may. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning “Hauptstadtecho”, “Düsseldorfer Blatt” va “Gast und Rast” onlayn nashrlari Xivada bo‘lib o‘tayotgan III “Lazgi” xalqaro raqs festivali haqida materiallar eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Jurnalistlar Folker Neyef va Svetlana Raynvart tomonidan tayyorlangan maqolalarga ko‘ra, festival 30 dan ortiq mamlakatdan 300 ga yaqin sanʼatkorlarni birlashtirgan. Tadbirlar YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan “Ichan qalʼa” tarixiy majmuasi hududida bo‘lib o‘tmoqda.
Mualliflar 2019-yilda YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosining Reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan “Lazgi” raqsi o‘zining ifodaviyligi, maromi va ramziyligi tufayli jahon madaniy merosining muhim bir qismi sifatida eʼtirof etilishini qayd etgan.
Festival doirasida xalqaro tanlovlar, anjumanlar, forumlar va mahorat darslari o‘tkazilishi uni madaniy diplomatiya va kasbiy tajriba almashish maydoniga aylantirmoqda.
Shuningdek, musiqa va raqs vositasida madaniyatlarni birlashtiruvchi mamlakat sifatida O‘zbekistonning o‘rni alohida taʼkidlangan. Xiva festival kunlarida xalqaro madaniy hamkorlik markaziga aylanishi qayd etilgan.
TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev intervyusida sanʼat orqali tinchlik va do‘stlikni mustahkamlashda festivalning ahamiyatini alohida taʼkidladi. Shuningdek, o‘zbek hunarmandchiligi anʼanalarini namoyon etayotgan sozanda usta Muzaffar Sapayevning faoliyatiga ham eʼtibor qaratilgan.
Germaniya OAVning baholashicha, “Lazgi” festivali O‘zbekistonning xalqaro madaniy nufuzini mustahkamlashga va uning nomoddiy merosini jahon miqyosida targ‘ib qilishga hissa qo‘shmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


