Logo

Antoniu Guterrish: Zilzilalar muqarrar, ammo ular keltirib chiqaradigan vayronagarchiliklar muqarrar bo‘lmasligi kerak

May 01, 2026. 17:25 • 5 daq

74
Antoniu Guterrish: Zilzilalar muqarrar, ammo ular keltirib chiqaradigan vayronagarchiliklar muqarrar bo‘lmasligi kerak
Antoniu Guterrish: Zilzilalar muqarrar, ammo ular keltirib chiqaradigan vayronagarchiliklar muqarrar bo‘lmasligi kerak
Antoniu Guterrish: Zilzilalar muqarrar, ammo ular keltirib chiqaradigan vayronagarchiliklar muqarrar bo‘lmasligi kerak
Antoniu Guterrish: Zilzilalar muqarrar, ammo ular keltirib chiqaradigan vayronagarchiliklar muqarrar bo‘lmasligi kerak

NYU-YORK, 1-may. / “Dunyo” AA/. BMT bosh qarorgohida ilk bor 29-aprel – Xalqaro zilzila qurbonlarini yod etish kuni sifatida nishonlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida, tashkilot Bosh Assambleyasi rezolyutsiyasi bilan taʼsis etilgan ushbu sana munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ham ishtirok etdi.

“Zilzilalar muqarrar, ammo ular keltirib chiqaradigan vayronagarchiliklar muqarrar bo‘lmasligi kerak. Maqsadli harakatlar va ehtiyotkorlik tufayli biz yer qanchalik kuchli silkinmasin, xavfsizroq qishloqlar va shaharlar qurishimiz mumkin. Tabiiy ofatlarga chidamlilikka sarmoya kiritish orqali qurbonlar xotirasini yodga olamiz”, – deydi BMT bosh kotibi.

Xalqaro kun dasturi doirasida O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakolatxonasi tomonidan hamkorlar bilan birgalikda uchta yirik tadbir — yuqori darajali forum, zilzila paytida harakat qilish bo‘yicha o‘quv mashg‘uloti va xotira tadbiri o‘tkazildi.

Markaziy tadbir BMTning Tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha boshqarmasi (UNDRR), shuningdek, Avstraliya, Gaiti, Indoneziya, Norvegiya, Peru, Turkiya, Chili va Yaponiya bilan hamkorlikda tashkil etildi. Tadbirda BMTga aʼzo davlatlar, xalqaro tashkilotlar, ilmiy hamjamiyat va fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etdi.

Forumda O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili, elchi Ulug‘bek Lapasov Xalqaro kunning taʼsis etilishi nafaqat xotira, balki tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish siyosatini mustahkamlash, xavfsiz infratuzilmani rivojlantirish, tayyorgarlikni oshirish va inklyuziv tiklanishni taʼminlashga qaratilgan amaliy ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.

29-aprel kuni Toshkentda BMT Bosh kotibining tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha maxsus vakili Kamol Kishor ishtirokida yuqori darajali tadbir o‘tkazilgani alohida qayd etildi.

Uchrashuvda amaliy birdamlik namunasi sifatida O‘zbekistonning 2023-yildagi vayronkor zilzilalardan keyin Turkiyaga ko‘rsatgan yordami eʼtirof etildi. Xususan, O‘zbekiston tomoni Turkiyaga zudlik bilan qidiruv-qutqaruv va tibbiy guruhlarni yubordi hamda Hatay provinsiyasida jabrlangan oilalar uchun turar-joy majmuasini qurish va tiklash loyihalarini amalga oshirdi.

Muhokamalar davomida ishtirokchilar O‘zbekistonning Xalqaro kunni taʼsis etish tashabbusini yuqori baholab, uni global barqarorlik kun tartibiga yetakchilik qilayotgan muhim hissa sifatida qayd etdi. Yangi xalqaro kun tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish sohasida tajriba va amaliy yechimlar almashish uchun muhim platforma yaratgani taʼkidlandi.

Erta ogohlantirish, zilzilaga chidamli qurilish, aholining tayyorgarligini oshirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Turkiya, Yaponiya, Gaiti va boshqa mamlakatlarning zilzilaga javob berish va qayta tiklash bo‘yicha milliy tajribasi taqdim etildi.

Shu kuni BMTning Qo‘riqlash va xavfsizlik departamenti, UCRB va Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi bilan birgalikda zilzila paytida harakat qilish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Tadbirning amaliy qismi favqulodda vaziyatni modellashtirish va virtual simulyatsiyani o‘z ichiga oldi. Bu favqulodda vaziyatlarda tayyorgarlik va harakatlarni muvofiqlashtirish muhimligini yaqqol namoyon etdi.

Dastur Indoneziya, Yaponiya va UCRB bilan hamkorlikda tashkil etilgan xotira tadbiri bilan yakunlandi.

O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov, Indoneziyaning doimiy vakili Umar Hadi va Yaponiyaning doimiy vakili Yamazaki Kadzuyuki Xalqaro zilzila qurbonlarini yod etish kunini o‘tkazish bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.

Ishtirokchilar qurbonlar xotirasini bir daqiqalik sukut saqlash va shamlar yoqish orqali yod etib, xalqaro hamjamiyatning birdamligi va jamoaviy masʼuliyati muhimligini taʼkidladi.

Umuman olganda, o‘tkazilgan tadbirlar BMTga aʼzo davlatlar va xalqaro hamkorlarning O‘zbekiston tashabbusiga qiziqishi yuqori ekanini tasdiqladi. Xalqaro zilzila qurbonlarini xotirlash kuni halok bo‘lganlar xotirasini tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish va global barqarorlikni mustahkamlash bo‘yicha amaliy choralar bilan bog‘lashda muhim qadam bo‘ldi.

BMTning Tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha boshqarmasi Nyu-York ofisi direktori Paula Albrito:

– Bugun dunyo ilk bor O‘zbekiston tashabbusi bilan tashkil etilgan Xalqaro zilzila qurbonlarini xotirlash kunini nishonlamoqda. Aynan O‘zbekiston Chili va Filippin bilan birgalikda BMTda ushbu muhim mavzuni ilgari surib, 2025-yil 29-aprelda Bosh Assambleya tomonidan qabul qilingan va ushbu yangi xalqaro xotira kunini taʼsis etgan rezolyutsiyani taqdim etdi. Bu har kuni zilzila xavfi ostida yashaydigan jamoalar uchun chuqur amaliy ahamiyatga ega yetakchilik namunasidir.

Rezolyutsiyada ikki asosiy vazifa o‘z aksini topgan. Birinchisi – jabrlanganlarni qo‘llab-quvvatlash, jumladan xalqaro yordam, tiklash ishlari va uzoq muddatli ruhiy-ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash.

Ikkinchisi – zilzila xavfi va uni kamaytirish choralari haqida xabardorlikni oshirish. Bu ikki vazifa ham kechiktirib bo‘lmaydigan ahamiyatga ega. Zilzilalar insoniyat duch keladigan eng halokatli tabiiy tahdidlardan hisoblanadi. 2023-yilda Turkiya va Suriyadagi zilzilalar 55 mingdan ortiq inson hayotiga zomin bo‘ldi.

Joriy yil 28-mart kuni Myanmada sodir bo‘lgan zilzilada ham minglab odamlar halok bo‘ldi. Bu shunchaki statistika emas – bu raqamlar ortida inson taqdirlari va oilalar turibdi. Aynan shuning uchun O‘zbekiston bu masalani BMT kun tartibiga olib chiqdi.

Ushbu tashabbus orqali O‘zbekiston 29-aprel sanasining BMT taqvimida Xalqaro zilzila qurbonlarini yod etish kuni sifatida belgilanishiga hissa qo‘shdi. Bu dunyo hamjamiyatini xavfsiz va barqaror qurilish qilish, xotira va umumiy masʼuliyat tamoyillariga undaydi.

Kamol Kishorning O‘zbekistonga tashrifi tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha hamkorlikning yana-da mustahkamlanayotganidan dalolat beradi. Kelgusida ham O‘zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirishga tayyormiz. Bu tashabbuslar “Sendai hadli” hadli dasturi doirasida tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish va inson hayotini himoya qilishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish