O‘zbekiston Prezidenti AQSh Eksimbanki va Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi rahbarlarini qabul qildi

Iyun 16, 2026. 16:32 • 2 daq

64
O‘zbekiston Prezidenti AQSh Eksimbanki va Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi rahbarlarini qabul qildi

TOSHKENT, 16-iyun. /“Dunyo” AA/. Toshkent xalqaro investitsiya forumi tadbirlari doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSh Eksimbanki prezidenti va raisi Jon Yovanovich hamda Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) bosh ijrochi direktori Ben Blek bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmonlar O‘zbekiston yetakchisiga AQSh Prezidenti Donald Trampning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Muzokaralar davomida mazkur institutlarning O‘zbekistonda infratuzilmani rivojlantirish, muhim minerallarni o‘zlashtirish, energetika, sun’iy intellektni joriy etish hamda raqamlashtirish kabi yuqori texnologiyali strategik loyihalarni moliyalashtirishda ishtirok etishi bilan bog‘liq masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi.

AQSh Eksimbanki bilan hamkorlik yo‘nalishida energetika tarmog‘ini modernizatsiya qilish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni jadallashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi. Mahalliy tadbirkorlarning ustuvor sohalardagi tashabbuslari uchun eksport kreditlarini taqdim etishni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

“DFC” korporatsiyasining sog‘liqni saqlash sohasidagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, energetika tarmog‘i va infratuzilmani modernizatsiya qilishga qaratilgan qo‘shma investitsiya platformasini ishga tushirish bo‘yicha tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi.

Toshkentda yangi xalqaro aeroportni qurish, Farg‘ona viloyatida zamonaviy tibbiyot majmuasini tashkil etish, raqamli bankni ishga tushirish, data-markazlar va quruq portlarni barpo qilish kabi yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishning amaliy bosqichiga o‘tish zarurligi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida muhokama qilingan investitsiyaviy va texnologik loyihalarni ilgari surish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish