Logo

Pokiston OAV: Yangilangan O‘zbekiston Konstitutsiyasi – mamlakatning zamonaviy demokratik taraqqiyoti asosi

Noyabr 28, 2025. 17:49 • 2 daq

66
Pokiston OAV: Yangilangan O‘zbekiston Konstitutsiyasi – mamlakatning zamonaviy demokratik taraqqiyoti asosi

ISLOMOBOD, 28-noyabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Election Times” va “News Network Pakistan”  elektron nashrlari “Bosh qomusimiz – O‘zbekistonning ishonch, barqarorlik va kelajak poydevori” sarlavhali maqolani eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun, – deya maʼlum qilingan maqola avvalida. – Ushbu sana mamlakatning zamonaviy tarixida alohida o‘rin tutadi. Boisi aynan 1992-yilda qabul qilingan Konstitutsiya mustaqillik, huquqiy tartib va davlatning demokratik rivojlanishi uchun fundamental asos bo‘lib xizmat qildi. U yosh respublika taraqqiyotining asosiy yo‘nalishini belgilab berdi, davlat tuzilishining muhim tamoyillarini mustahkamladi hamda ochiq, tinchliksevar va insonparvar jamiyat qurishning strategik yo‘llarini ko‘rsatib berdi”.

Konstitutsiya suveren O‘zbekistonni shakllantirish uchun zarur bo‘lgan normativ-huquqiy asosni yaratgan hal qiluvchi hujjat hisoblanadi. Unda davlat kelajagining siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy modeli belgilab qo‘yildi. Bu model demokratik tamoyillar, qonun ustuvorligi, inson huquqlariga hurmat va shaxs erkinligi prinsiplariga asoslandi.

Qayd etilganidek, jamiyatning jadal rivojlanishi, fuqarolarning ortib borayotgan ehtiyojlari va zamonaviy demokratik standartlarni joriy etish zarurati Konstitutsiyani tubdan yangilashga asos bo‘ldi. Yangi taraqqiyot bosqichi – Yangi O‘zbekiston davri siyosiy, ijtimoiy va huquqiy kafolatlarni sezilarli darajada kengaytirishni taqozo etdi. Shu bois 2023-yilda o‘tkazilgan keng ko‘lamli konstitutsiyaviy islohot mamlakat tarixida muhim voqelikka aylandi.

“Konstitutsiyaning yangi tahririni tayyorlash jarayoni ham keng jamoatchilik muhokamasi shaklida o‘tdi. Fuqarolardan 222 mingdan ortiq takliflar kelib tushdi, bu esa jamoatchilikning misli ko‘rilmagan darajadagi keng ishtirokni namoyish etdi. Tashkil etilgan komissiyalar va ekspert guruhlari aholining tashabbuslarini batafsil o‘rganib chiqdi. Ulardan eng talabgir va dolzarblari esa yangi Konstitutsiya matniga kiritildi. Bu jarayon O‘zbekiston Konstitutsiyasining haqiqiy xalq Konstitutsiyasi ekanini — jamiyatning bevosita ishtirokida yaratilgan hujjat sifatida yaqqol tasdiqladi”, – deya urg‘ulangan materiallarda.

2023-yil 30-aprelda o‘tkazilgan referendumda millionlab fuqarolarning faol ishtirok etgani, xalq irodasi va tanlovining hal qiluvchi tasdig‘i bo‘ldi. Yirik xalqaro tashkilotlar va ko‘plab davlatlarning fuqarolik institutlari vakillaridan iborat kuzatuvchilar missiyasi jarayonning yuqori shaffoflik va legitimligini taʼminladi. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, Konstitutsiyaning yangi tahriri referendum ishtirokchilarining katta qismi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi va 2023-yil 1-maydan eʼtiboran kuchga kirdi.

“O‘zbekistonning yangilangan Konstitutsiyasi mamlakatni yana-da demokratlashtirish yo‘lida muhim poydevor vazifasini bajarmoqda. Unda davlat boshqaruvi va inson huquqlariga oid yangi yondashuvlar, ijtimoiy va shaxs himoyasini taʼminlash mexanizmlari mustahkamlandi. Eng muhim, O‘zbekistonning ijtimoiy davlat sifatidagi maqomi Konstitutsiya darajadasi mustahkamlandi”, – deb yozgan Pokiston OAV.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Dildora Azimova

dildora@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish