Pokistondan munosabat: Islom sivilizatsiyasi markazi tarix, bugun va kelajakni bog‘laydigan ilmiy-maʼrifiy maskandir
Mart 18, 2026. 16:15 • 2 daq
• 48
ISLOMOBOD, 18-mart. /“Dunyo” AA/. Islomoboddagi Bahriya universitetining Gumanitar va ijtimoiy fanlar fakulteti dekani, professor Adam Saud “Dunyo” AA muxbiriga O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va yurtimizda maʼnaviy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan yangilanishlar haqida fikr bildirdi:
– O‘zbekistonda maʼnaviy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar hayratlanarli. So‘nggi to‘qqiz yil mobaynida mamlakatingiz ilm-fan, madaniyat va islom sivilizatsiyasi markazi sifatidagi tarixiy nufuzini qayta tiklashga erishdi.
Buyuk ajdodlaringiz merosi jahon taraqqiyoti va sof islom dini rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan. Al-Buxoriy, Imom Termiziy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshbandiy kabi ulug‘ zotlarning bebaho ilmiy va maʼnaviy merosi nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun jahon sivilizatsiyasi tarixida alohida o‘rin tutadi.
Yurtingizda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida maʼnaviy-maʼrifiy sohani rivojlantirish, ulug‘ ajdodlar merosini asrab-avaylash va keng targ‘ib etish borasida olib borilayotgan izchil ishlar alohida eʼtirofga loyiq.
Toshkent shahrida O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan bunyod etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ulug‘ ajdodlaringiz anʼanalarining munosib davomi ekanini yaqqol namoyon etadi. Ushbu markaz nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun musulmon olami maʼnaviy taraqqiyotiga ham munosib hissa qo‘shishiga ishonaman.
Ishonchim komilki, Islom sivilizatsiyasi markazi faqatgina o‘tmish haqida hikoya qiluvchi maskan bo‘lib qolmay, balki tarix, bugun va kelajakni o‘zaro bog‘laydigan, taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beruvchi ilmiy va maʼrifiy markazga aylanadi.
Bu yerda O‘zbekistonda va xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan islom madaniyatiga oid ko‘p asrlik nodir manbalar bir joyda jamlangan. Markaz bilan tanishgan har bir inson ana shu boy tarixni yaqqol his etib, islom dini, avvalo, tinchlik, taraqqiyot va bag‘rikenglik dini ekanini, o‘zbek xalqining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini teran anglaydi.
Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston xalqini va butun musulmon olamini ushbu yirik ilm-maʼrifat markazining ochilishi bilan samimiy muborakbod etaman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi