Polsha kompaniyalari 3600 dan ortiq o‘zbekistonlik mutaxassisga ehtiyoj bildirmoqda
Mart 27, 2026. 16:00 • 2 daq
• 19
VARSHAVA, 27-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi tomonidan mamlakatimizning mehnat resurslari salohiyatini targ‘ib qilish hamda polyak kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirishga bag‘ishlangan taqdimot tadbiri o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Polshaning “Grupa Progres”, “Gremi Personal”, “Personnel International” kabi 20 dan ortiq yetakchi rekruting va ish beruvchi kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
Muzokaralar davomida polyak ish beruvchilari O‘zbekistondagi ishchi kuchini jalb etish bo‘yicha o‘zlarining real ehtiyojlarini ma’lum qildilar. Xususan, logistika sohasi uchun 2000 nafar, xizmat ko‘rsatishga 800 nafar, sanoat tarmog‘iga 600 nafar va qurilish sohasiga 200 nafar, jami 3600 ga yaqin mutaxassisni ishga joylashtirish imkoniyati mavjudligi qayd etildi.
Tadbir ishtirokchilari mehnat migratsiyasi sohasidagi ikki tomonlama aloqalar haqida o‘z fikrlarini bildirdilar:
Pyotr Fonfara, “PRF Work” boshqaruvi raisi:
— O‘zbekiston biz uchun juda qiziqarli va istiqbolli hamkor. Biz o‘z kompaniyalarimiz va mijozlarimiz uchun O‘zbekistondan xodimlarni jalb qilishga tayyormiz. Bu borada elchixona bilan yaqin hamkorlik qilishdan umidvormiz.
Yuliya Kovalchuk, Polsha tadbirkorlar va ish beruvchilar ittifoqi departamenti rahbari o‘rinbosari:
— Ikki davlat hukumatlari o‘rtasida samarali migratsiya siyosatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yuqori darajadagi muzokaralar ketayotgani quvonarli. Dunyoning yigirmata yirik iqtisodiyotidan biri bo‘lgan Polsha iqtisodiyoti doimiy ishchi kuchiga muhtoj va O‘zbekiston bu masalada ishonchli yechim bo‘la olishini ko‘rsatmoqda.
Anastasiya Juk, “Gremi Personal” kompaniyasi vakili:
— Hozirda markaziy osiyolik xodimlarga, xususan, o‘zbekistonliklarga talab juda yuqori. Viza tartiblarini soddalashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar biz uchun juda muhim. Kelajakda O‘zbekiston fuqarolari uchun viza jarayonlari maksimal darajada osonlashishidan umidvormiz.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Migratsiya agentligi va unda akkreditatsiyadan o‘tgan bandlik tashkilotlari ishtirokida “B2B” formatidagi navbatdagi muzokaralarni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu esa fuqarolarimizning Polshada xavfsiz va tartibli mehnat faoliyatini yo‘lga qo‘yishda muhim qadam bo‘ladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi