“Kalimardan Post”: Nega Samarqand va Nusantara yana bir-biriga yaqinlashmoqda? O‘zbekiston va Indoneziyani bog‘lagan Imom Moturidiy merosi
Mart 27, 2026. 14:08 • 2 daq
• 34
JAKARTA, 27-mart. /“Dunyo” AA/. Indoneziyaning nufuzli «Kalimantan Post» gazetasida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari Shahzod Islomovning “Indoneziya va Samarqand o‘rtasidagi diniy aloqalarni mustahkamlashda Imom Moturidiyning o‘rni” mavzusidagi tahliliy maqolasi eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi aloqalar shunchaki diplomatik munosabat emas, balki teran ildizlarga ega maʼnaviy rishtalarga tayanishi alohida taʼkidlangan. Muallif Yava orolida islom dini yoyilishida beqiyos xizmat qilgan mashhur “Vali Songo” (To‘qqiz avliyo) jamoasi vakillari, xususan, kelib chiqishi samarqandlik bo‘lgan Mavlono Malik Ibrohim Samarqandiyning faoliyati ikki mintaqa o‘rtasidagi ilk intellektual va maʼnaviy ko‘prik vazifasini o‘taganini qayd etadi.
Maqolada asosiy eʼtibor moturidiylik taʼlimotining Indoneziya musulmonlari hayotidagi tutgan o‘rniga bag‘ishlanadi. Sh.Islomovning taʼkidlashicha, Indoneziyadagi anʼanaviy madrasalar bevosita Imom Moturidiy ilmiy maktabining maʼnaviy vorislari sanaladi. Moturidiylikka xos bo‘lgan aql va naql uyg‘unligi, bag‘rikenglik hamda moʻtadillik tamoyillari bugungi Indoneziya jamiyatiga xos inklyuzivlik va bag‘rikenglik fazilatlarini shakllantirgan asosiy omillardandir.
Shuningdek, maqolada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Samarqandda Imom Moturidiy yodgorlik majmuasining qayta tiklanishi va u yerda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tilgan. Muallif ushbu majmuani shunchaki ziyoratgoh emas, balki zamonaviy dunyoda islom dinining asl qadriyatlarini, uning moʻtadil va ratsional qarashlarini targ‘ib etuvchi xalqaro intellektual markaz sifatida taʼriflaydi.
Maqola yakunida dunyodagi eng ko‘p musulmon aholi istiqomat qiladigan Indoneziya va islom ilm-fanining tarixiy markazi bo‘lmish O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish zarurligi alohida qayd etilgan. Xususan, taʼlim, ziyorat turizmi va ilmiy tadqiqotlar sohasidagi aloqalarni mustahkamlash globallashuv davrida avj olayotgan ekstremizm va radikalizm tahdidlariga qarshi ikki davlat uchun mustahkam maʼnaviy qalqon bo‘lishi taʼkidlangan.
Ushbu maqolaning Indoneziyaning nufuzli nashrida chop etilishi o‘zbek va indonez xalqlari o‘rtasidagi tarixiy-maʼnaviy aloqalarni yana-da mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamdir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi