Vengriya jaz jamoasi Toshkentdagi xalqaro festivalida ishtirok etishga qiziqish bildirdi

Oktabr 05, 2026. 16:00 • 2 daq

• 42
Vengriya jaz jamoasi Toshkentdagi xalqaro festivalida ishtirok etishga qiziqish bildirdi

BUDAPЕSHT, 5-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida vengriyalik taniqli pianinochi, kompozitor va “Péch Lóránt Quartet” jaz jamoasi asoschisi Lorant Pex bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralar chog‘ida tomonlar O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, vengriyalik musiqachilarning yurtimizda o‘tkaziladigan xalqaro madaniy-konsert tadbirlarida ishtirok etish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Vengriya tomoni, xususan, “Péch Lóránt Quartet” jamoasining 2027-yilda Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Xalqaro jaz festivalida ishtirok etishiga katta qiziqish bildirdi.

“Péch Lóránt Quartet” 2023-yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning musiqasi zamonaviy akustik jazni an’anaviy jaz va klassik musiqa elementlari bilan uyg‘unlashtiradi. Jamoa Vengriyaning mashhur jaz festivallarida faol ishtirok etib keladi va 2026-yilda nufuzli “Müpa Jazz Showcase” tanlovida “Tomoshabinlar mehri” mukofoti bilan taqdirlangan.

Uchrashuv O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, ikki mamlakat musiqachilari o‘rtasida professional muloqot va ijodiy almashinuvni kengaytirish yo‘lidagi yana bir muhim qadam bo‘ldi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish