Logo

O‘zbekiston elchisi va Pokiston Bosh vazirining maxsus yordamchisi ikki tomonlama hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar

Yanvar 03, 2026. 08:30 • 2 daq

349
O‘zbekiston elchisi va Pokiston Bosh vazirining maxsus yordamchisi ikki tomonlama hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar

ISLOMOBOD, 3-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Islomobod shahrida Pokiston Bosh vazirining tashqi ishlar bo‘yicha maxsus yordamchisi Tariq Fatemi bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot avvalida Pokiston tomoniga bugungi kunda O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida batafsil maʼlumot berildi. O‘zbekiston-Pokiston munosabatlarining dolzarb masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Tariq Fatemi O‘zbekistondagi islohotlar jarayoniga yuqori baho berib, ularning mamlakat rivojidagi muhim ahamiyatini qayd etdi. Shuningdek, O‘zbekiston va Pokiston sherikligining bugungi holatiga eʼtibor qaratdi. U Davlatlarimiz Rahbarlari o‘rtasida shakllangan samimiy, iliq va do‘stona munosabatlar ikki tomonlama siyosiy muloqotni faollashtirish va barcha sohada hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilayotganini bildirdi.

«Pokiston Hukumati O‘zbekiston Prezidentining nafaqat mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasini o‘zgartirishga, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasining rivojlanishiga yangi turtki berishga muvaffaq bo‘lgan dinamik rahbar sifatidagi rolini yuqori baholaydi», – dedi Bosh vazirning maxsus yordamchisi. 

Uchrashuvda mamlakatlarimiz o‘rtasida oliy va yuqori darajada erishilgan kelishuvlarning ijrosi ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston bilan Pokiston o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi. 

Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun tadbirkorlarga qulay sharoitlarni yaratib berish muhimligi qayd etildi. Xususan, o‘zaro savdoda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan uzilishlarning oldini olish va mavjud muammolarga qarshi tezkor amaliy yechimlarni topishning muhimligi aytib o‘tildi.

Oziq-ovqat mahsulotlarini eksport-import qilish va ularning xavfsizligi masalalari muhim mavzu sifatida ko‘tarildi. Tomonlar O‘zbekiston fitosanitar talablariga javob beruvchi mandarin mahsulotini Pokiston hududidan import hajmini oshirish imkoniyatini ko‘rib chiqdilar.

O‘simliklar karantini va himoyasi yo‘nalishidagi hamkorlikni yana-da mustahkamlash, bu boradagi milliy axborot tizimlarini integratsiya qilish, fitosanitar sertifikatlarni olish jarayonini soddalashtirish tartiblarini joriy etish taklif etildi. Qayd etilganidek, mazkur yo‘nalishdagi hamkorlik ikki mamlakat o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi sohasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish hamda o‘zaro savdo hajmini oshirishga xizmat qiladi.

Yakunda O‘zbekiston-Pokiston hamkorligini barcha yo‘nalishlarda jadal rivojlantirish, muhokama qilingan masalalar bo‘yicha muloqotni davom ettirishga kelishib olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Nargiza Saidaliyeva

nargiza@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Dildora Azimova

dildora@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish