O‘zbekiston elchisi Abu-Dabi Savdo-sanoat palatasi bosh direktori bilan hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi
Iyul 09, 2026. 09:00 • 2 daq
• 112
ABU-DABI, 9-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Umid Shodiyev Abu-Dabi Savdo-sanoat palatasi bosh direktori Ali Muhammad Al-Marzuqi bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalaridagi o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada kengaytirish va faollashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuvda Ali Muhammad Al-Marzuqi yaqinda Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro investitsiya forumi yuqori saviyada tashkil etilganini ta’kidlab, uning doirasida erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosi O‘zbekiston iqtisodiyotini yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini bildirdi.
Muzokaralar chog‘ida joriy yil kuzida BAAda ikki mamlakat ishbilarmonlari ishtirokida qo‘shma biznes-forumlar tashkil etishga kelishildi. Shu bilan birga, o‘zbek tadbirkorlarining investitsiya loyihalariga BAA sarmoyalarini jalb qilish hamda milliy mahsulotlar eksportini kengaytirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.
1969-yilda tashkil etilgan ushbu nufuzli palata xususiy sektor manfaatlarini ifoda etuvchi hamda davlat va biznes o‘rtasidagi hamkorlikni ta’minlovchi yetakchi institut bo‘lib, uning tarkibida iqtisodiyotning turli tarmoqlarida faoliyat yurituvchi 158 mingdan ziyod a’zo mavjud.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi