“Pakistan Today”: O‘zbekiston yetakchisining Belarusga tashrifi sanoat kooperatsiyasini kengaytirishda muhim ahamiyatga ega

Iyul 09, 2026. 09:30 • 2 daq

61
“Pakistan Today”: O‘zbekiston yetakchisining Belarusga tashrifi sanoat kooperatsiyasini kengaytirishda muhim ahamiyatga ega

ISLOMOBOD, 9-iyul. /“Dunyo” AA/. Pokistonning ommabop “Pakistan Today” gazetasida O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sanoat aloqalari rivojiga bag‘ishlangan tahliliy maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqola muallifi qayd etishicha, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belarusga tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning yangi istiqbolli bosqichini boshlab beradi. Ikki davlat munosabatlari kun tartibining asosiy yo‘nalishlari sanoat kooperatsiyasi, hududlararo aloqalar, qo‘shma ishlab chiqarishlarni yo‘lga qo‘yish hamda o‘zaro tovar aylanmasini kengaytirishdan iborat.

Nashrda yozilishicha, jahondagi geosiyosiy taranglik va taʼminot zanjirlaridagi uzilishlar kuzatilayotgan bir paytda, O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlar yuqori surʼatlarda rivojlanmoqda.

Xususan, 2017–2025-yillarda ikki tomonlama savdo hajmi 5,3 barobarga oshib, 182,4 million AQSH dollaridan 965 million AQSH dollariga yetgan. Bunda O‘zbekistonning Belarusga eksporti qariyb 7 barobarga oshgani eʼtiborni jalb etadi.

Savdo hajmining o‘sishi bilan bir qatorda investitsiyaviy hamkorlik ham kengaymoqda. Qayd etilishicha, 2017-yildan buyon O‘zbekistonda Belarus kapitali ishtirokidagi korxonalar soni qariyb 12 barobarga oshib, 22 tadan 258 taga yetdi. O‘z navbatida, Belarus hududida O‘zbekiston investitsiyalari ishtirokida 110 dan ortiq korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.

Pokiston nashri O‘zbekiston Prezidentining Belarusga tashrifi sanoat kooperatsiyasini yana-da kengaytirish va mavjud salohiyatni to‘liq ro‘yobga chiqarishda muhim bosqich bo‘lishini taʼkidladi. Tashrifda ko‘zda tutilgan asosiy vazifa yangi qo‘shimcha qiymat zanjirlarining ajralmas qismiga aylanadigan mustahkam ishlab chiqarish bazasini shakllantirishdan iborat.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish