Rossiyalik ishbilarmonlar Termiz xalqaro savdo-logistika markaziga qiziqish bildirdi
Iyul 07, 2026. 14:30 • 2 daq
• 97
SANKT-PETERBURG, 7-iyul. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Sankt-Peterburgdagi Bosh konsulxonasi, Termizdagi “Airitom Free Zone” xalqaro savdo-logistika markazi vakillari hamda rossiyalik ishbilarmonlar ishtirokida onlayn uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqotda Sankt-Peterburg, Arxangelsk, Vologda, Kaliningrad, Leningrad viloyatlari, Kareliya va Komi respublikalarining hokimiyat idoralari, biznes-assotsiatsiyalar hamda kompaniyalar vakillari ham ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida “Airitom Free Zone” xalqaro savdo-logistika markazi tijorat direktori Zafarjon Abdukarimov ishtirokchilarni markaz faoliyati bilan tanishtirib, erkin iqtisodiy zonaning afzalliklari va biznes yuritish uchun yaratilgan sharoitlar haqida maʼlumot berdi.
Zafarjon Abdukarimovning qayd etishicha, erkin iqtisodiy zona hududida 250 ta savdo obyekti faoliyat yuritmoqda, yana shuncha savdo maydoni yangi rezidentlarga taklif etilmoqda. Shu bilan birga, hududda tibbiyot markazi, “Hilton” mehmonxonasi, xostel va dam olish maskanlarini qamrab olgan zamonaviy infratuzilma shakllantirilgan.
Suhbat chog‘ida erkin iqtisodiy zona rezidentlari uchun nazarda tutilgan imtiyozlarga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, joriy yil 1-sentyabrdan boshlab ular uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ining nol stavkasi joriy etiladi. Rezidentlik maqomini rasmiylashtirish jarayoni atigi olti soatda amalga oshiriladi.
Hisob-kitoblar o‘zbek so‘mi, Rossiya rubli, Xitoy yuani, yevro va AQSH dollarida amalga oshiriladi. Ayni paytda afg‘on afg‘oniysidan foydalanish imkoniyatini yo‘lga qo‘yish yuzasidan ham ishlar olib borilmoqda.
Taqdimotda markazning Afg‘oniston, Pokiston va Hindiston bozorlariga chiqish uchun muhim mintaqaviy logistika xabi sifatidagi salohiyati ham namoyish etildi. Unga ko‘ra, transport yo‘lagining kunlik o‘tkazish quvvati 200 tadan ortiq yuk avtomashinasini tashkil etadi. Har hafta O‘zbekiston va Afg‘onistondan 12 mingdan ziyod xaridor tashrif buyuradi. 2024-yilda erkin iqtisodiy zona ish boshlaganidan buyon uning hududida “Made in Uzbekistan” va “Made in Afghanistan” brendlari ostida 20 dan ortiq xalqaro ko‘rgazma va yarmarka tashkil etilgan.
Shuningdek, tomonlar yog‘och materiallari, mebel, tikuvchilik mahsulotlari va maishiy kimyo vositalari ishlab chiqarish sohalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, markaz hududida shourumlar tashkil etish istiqbollarini muhokama qildi.
Uchrashuv yakunida Rossiya vakillari “Airitom Free Zone” xalqaro savdo-logistika markazi bilan hamkorlikni kengaytirish va uning imkoniyatlaridan foydalanishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi