O‘zbekiston va Vengriya huquqni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlamoqda
Fevral 11, 2026. 11:25 • 42 soniya
• 19
BUDAPESHT, 11-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Oybek Shaxavdinov Vengriya Bosh prokurori Gabor Balint Nad bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar huquqni muhofaza qilish sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini, shuningdek, ikki davlat bosh prokuraturalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqdilar. Institutsional aloqalarni mustahkamlash, tajriba almashish va hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Vengriya tomoni mamlakatimiz bilan sheriklik munosabatlarini kengaytirishdan manfaatdorligini tasdiqladi hamda prokuratura faoliyati sohasida muloqotni yanada chuqurlashtirish va ilg‘or tajriba almashishga tayyorligini bildirdi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Bosh prokurorining Vengriyaga ehtimoliy tashrifini tashkil etish masalasi muhokama qilindi. Ushbu tashabbus shartnomaviy-huquqiy bazani yana-da rivojlantirish va ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash nuqtai nazaridan ko‘rib chiqilmoqda.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni izchil kengaytirish va konstruktiv muloqotni davom ettirishga o‘zaro intilishlarini tasdiqladilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
