Logo

“ANKASAM” markazi: Anqara va Toshkent o‘rtasida yangi hamkorlik arxitekturasi shakllanmoqda

Fevral 11, 2026. 09:45 • 3 daq

23
“ANKASAM” markazi: Anqara va Toshkent o‘rtasida yangi hamkorlik arxitekturasi shakllanmoqda

ANQARA, 11-fevral. /“Dunyo” AA/. Anqara inqiroz va siyosiy tadqiqotlar markazi “ANKASAM” portalida turkiyalik mustaqil tadqiqotchi, xalqaro munosabatlar bo‘yicha ekspert Go‘ktug‘ Chalishkanning “Anqara–Toshkent hamkorlik liniyasida yangi sahifa: Turkiya va O‘zbekistonning mushtarak nigohi” sarlavhali maqolasi eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada yozilishicha, O‘zbekiston–Turkiya Prezidentlarining oliy darajadagi diplomatik uchrashuvlar muhim ahamiyatga ega. Ikki rahbar rahbarligida o‘tkazilgan strategik munosabatlarning shaxsiy do‘stlikdan ikki davlat o‘rtasidagi institutsional sheriklikka yuksalayotganini namoyish etadi.

Uchrashuvda imzolangan qo‘shma bayonot – Anqara va Toshkent o‘rtasidagi mavjud keng qamrovli strategik sheriklik darajasini yana-da mustahkamladi. Bu Yevrosiyoning markazida yangi kuch arxitekturasi shakllanayotganidan dalolat beradi.

“Sammitning eng yorqin lahzasi, rasmiy uchrashuvlardan tashqari, Hatayda qurilgan uy-joylarni topshirish marosimiga oid jonli aloqa bo‘ldi. 2023-yilgi zilzilalardan so‘ng O‘zbekistonning yuqori darajadagi hamjihatligi bilan qurilgan uy-joylar – qardoshlik aloqalarining abadiy merosiga aylandi. Bu aniq qadam ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar faqat diplomatik aloqalar bilan cheklanmaganligini isbotlaydi. Ushbu loyiha davlatlararo munosabatlarning gumanitar jihatini namoyish etadi. Bu mustahkam mexanizm tomonlar o‘rtasidagi ishonchning eng yaqqol ko‘rsatkichidir”, deya fikr bildirgan muallif.

O‘zbekiston Prezidenti Turkiyani “dunyoning yangi geosiyosiy kuch markazlaridan biriga aylanayotganini” bildirdi. Shavkat Mirziyoyevning ushbu tavsifi ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar ikki tomonlama o‘lchov bilan cheklanmay, global darajaga ko‘tarilayotganini ko‘rsatadi. Oddiy qilib aytganda, Anqara endi Toshkent uchun ajralmas sherikdir.

Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro manfaatli sheriklik modeliga aylandi. Anqara Toshkentning islohot jarayoni va rivojlanish tashabbuslariga faol hissa qo‘shishga tayyorligini namoyish etmoqda. Bu yondashuvni turkiy dunyo ichidagi birdamlikning aniq o‘rnagi sifatida talqin qilish mumkin.

Anqara sammitining eng muhim natijalaridan biri – institutsional muloqot mexanizmlarini mustahkamlashdir. To‘rtinchi Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashi yig‘ilishi vazirliklar va muassasalar o‘rtasida muvofiqlashtirishda yangi asoslar yaratdi. Siyosiy, iqtisodiy va madaniy kun tartibini koordinatsiya asosida yuritishga kelishib olindi. Bu bilan davlat rahbarlari o‘rtasidagi o‘zaro yaqin munosabatlar butun davlat tuzilmalarigacha singib boradigan tizimli hamkorlik modeli shakllanmoqda. Bu munosabatlarning barqarorligi uchun juda muhimdir.

Materialda qayd etilishicha, iqtisodiy integratsiya maqsadlari siyosiy muloqotning eng kuchli tarkibiy qismidir. Ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmi 2025-yil oxiriga kelib 3 milliard dollardan oshdi. Rahbarlar bu ko‘rsatkichni yaqin istiqbolda 5 milliard dollarga yetkazishga kelishib oldi. Ushbu maqsadga erishish uchun bojxona tartiblarini soddalashtirish va savdodagi to‘siqlarni olib tashlash rejalashtirilgan. Iqtisodiy munosabatlar mavjud salohiyatdan past bo‘lmasligini taʼminlash uchun yangi rag‘batlantirish choralari bilan qo‘llab-quvvatlanadi.

O‘zbekistonda turk firmalarining strategik sohalardagi ishtiroki yana-da chuqurlashmoqda. Qurilish va pudrat ishlaridan tashqari, to‘qimachilik, oziq-ovqat va energetika sohalariga ham katta investitsiyalar kiritilmoqda. O‘zbekiston o‘zining boy yer osti boyliklarini iqtisodiyotga safarbar etishda turk texnologiyalariga suyanmoqda. Turk sanoatchilari uchun O‘zbekistonning alohida o‘rni bor – mamlakat butun Markaziy Osiyo bozoriga ochiladigan “industrial hab” hisoblanadi. Bu xususiyatlar iqtisodiy munosabatlarni yana-da barqarorlashtirishga asos bo‘lib xizmat qiladi.

Energetika va tog‘-kon sohalaridagi hamkorlik ham Anqara sammiti kun tartibidagi ustuvor masalalardan biri bo‘ldi. O‘zbekistonning oltin, uran va tabiiy gaz zaxiralari Turkiyaning xomashyo taʼminoti xavfsizligi uchun juda muhimdir. Imzolangan shartnomalar ushbu resurslarni qo‘shma loyihalar orqali qayta ishlab, qo‘shimcha qiymat yaratishni, global bozorlarga yetkazishni nazarda tutadi.

Transport va logistika Turkiya–O‘zbekiston munosabatlarining geosiyosiy asosini tashkil qiladi. O‘zbekiston – nafaqat o‘zi, qo‘shnilari ham dengizga chiqish imkoniga ega bo‘lmagan mamlakat. Ushbu geografik noqulaylikni bartaraf etish uchun Kaspiy orqali o‘tuvchi “O‘rta koridor” muhim alternativ hisoblanadi. Turkiya ushbu yo‘lakning eng muhim g‘arbiy darvozasi ekani hisobga olinsa, logistika liniyalarini birlashtirish orqali ikki mamlakat Xitoydan Yevropaga olib boradigan savdo koridorida markaziy rol o‘ynashi shubhasizdir.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish