O‘zbekiston va Hindiston farmatsevtika sohasidagi sheriklikni kengaytirmoqda
Fevral 11, 2026. 10:28 • 2 daq
• 13
MUMBAY, 11-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Sardor Rustamboyev Hindistonning «Concept Pharmaceuticals» farmatsevtika kompaniyasi direktori Yujin Gupta bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Suhbat chog‘ida tomonlar O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi sheriklikning asosiy va jadal rivojlanayotgan yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan farmatsevtika sohasidagi o‘zaro tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollarini muhokama qildi.
Elchi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijalari hamda mamlakatimiz rahbariyati tomonidan farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida eʼtibor haqida batafsil maʼlumot berdi.
Mahalliylashtirish dasturiga muvofiq, 2030-yilga borib mahalliy dori vositalarining ulushini 70 foizga yetkazish maqsad qilingani taʼkidlandi. Ushbu maqsadlarga erishish uchun mamlakatda 8 ta ixtisoslashtirilgan farmatsevtika EIZlari, jumladan, «Toshkent farma park», “Boysun-farm”, “Zomin-farm”, “Parkent-farm” tashkil etilgan bo‘lib, ularda xorijiy investorlar uchun barcha zarur sharoitlar, jumladan, soliq va bojxona imtiyozlari hamda soddalashtirilgan ro‘yxatga olish tartibi yaratilgan.
Shuningdek, nafaqat ichki bozorni to‘ldirish, balki O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan farmatsevtika mahsulotlarini xorijiy bozorlarga eksport qilish uchun mavjud qulay imkoniyatlarga urg‘u berildi.
Yujin Gupta kompaniya faoliyati haqida maʼlumot taqdim etdi. Qayd etilishicha, kompaniya Hindistondagi to‘rtta ishlab chiqarish maydonchasida yurak-qon tomir, onkologik kasalliklar, diabet va boshqa xastaliklarni davolash uchun 800 ga yaqin turdagi dori vositasini ishlab chiqaradi va mahsulotlarini dunyoning 45 mamlakatiga eksport qiladi.
O‘zbekiston tomoni Hindiston kompaniyasiga mamlakatimiz EIZlarida qator yuqori texnologik loyihalarni amalga oshirish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qildi. Jumladan, farmatsevtika substansiyalari, onkologik dori vositalari, infuzion eritmalar, vitaminlar, vaksinalar va qon fraksiyalarini ishlab chiqarish, shuningdek, dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash klasterini tashkil etish kabi amaliy loyihalar muhokama qilindi.
Konstruktiv ruhda o‘tgan muzokaralar yakunida tomonlar hamkorlik salohiyatini batafsil o‘rganish va investitsiya loyihalarini aniqlashtirish uchun «Concept Pharmaceuticals» kompaniyasi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etishga kelishib oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
