Yurtimizning Pokistondagi elchixonasi Gurlandagi texnikumga noutbuklar taqdim etdi
Iyun 18, 2026. 10:30 • 2 daq
• 18
ISLOMOBOD, 18-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi tomonidan Xorazm viloyati Gurlan tumanidagi 3-sonli texnikumiga 10 dona noutbuk taqdim etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Yurtimizdagi kasb-hunar texnikumlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalar O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 15-yanvar kuni Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari bilan o‘tkazgan uchrashuvida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash doirasida amalga oshirilmoqda.
Mazkur topshiriqqa muvofiq, O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasiga yurtimizdagi 33 ta kasb-hunar texnikumi, jumladan, Gurlan tumanidagi 3-sonli texnikum biriktirilgan.
Texnikum direktori Zulfiya Davlatova bilan o‘tkazilgan muloqotlar chog‘ida ta’lim muassasasida zamonaviy kompyuter texnikasiga ehtiyoj mavjudligi ma’lum qilindi. Uning ta’kidlashicha, informatika fanlari o‘qitilsa-da, texnik jihozlarning yetarli emasligi sababli amaliy mashg‘ulotlarni to‘liq tashkil etish imkoniyatlari cheklangan.
Shuningdek, taqdim etilayotgan noutbuklar asosida texnikum huzurida axborot texnologiyalari sohasi, xususan, dasturlash, kompyuter grafikasi va dizayn yo‘nalishlari bo‘yicha “Innovatsion o‘quv-amaliy markaz”ni tashkil etish rejalashtirilmoqda.
O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan holda, texnikumga 10 dona noutbuk ko‘rinishida beg‘araz grant yordami ko‘rsatishga qaror qildi.
Mazkur beg‘araz yordam Xorazm viloyati Gurlan tumanidagi 3-sonli texnikumning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, ta’lim jarayonini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta’minlash o‘quvchilarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi