Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining jahon chempionatidagi ishtiroki Qirg‘iziston qandolatchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi

Iyun 17, 2026. 15:00 • 2 daq

113
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining jahon chempionatidagi ishtiroki Qirg‘iziston qandolatchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi

O‘Sh, 17-iyun. /“Dunyo” AA/. Qirg‘izistonning taniqli shirinlik ishlab chiqaruvchi brendlaridan biri bo‘lgan “Barbol” kompaniyasi vakillari futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Bosh konsulxonaga tashrif buyurdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvda sportning xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashdagi o‘rni, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlari haqida fikr almashildi.

“Barbol” kompaniyasi vakili Usen Kadirov O‘zbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionatida ishtirok etishi butun Markaziy Osiyo uchun muhim voqea ekanini ta’kidlab, milliy terma jamoamizga bo‘lajak bahslarda ulkan muvaffaqiyatlar tiladi. U sport orqali mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari yanada mustahkamlanayotgani, mintaqadagi har bir yutuq qo‘shni xalqlar tomonidan ham mamnuniyat bilan qarshi olinayotganini qayd etdi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionatida qatnashishi munosabati bilan kompaniya vakillari tomonidan Bosh konsulxonaga maxsus bezatilgan bayram torti taqdim etildi. Mazkur shirinlikda O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchilari tasviri hamda O‘zbekiston va Qirg‘iziston davlat bayroqlari aks ettirilgan. Qolaversa, tort dizayni ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi yaqin qardoshlik, o‘zaro hurmat va hamjihatlik ramzi sifatida tayyorlangani ta’kidlandi.

Futbol bugungi kunda millionlab insonlarni birlashtiruvchi vositaga aylangan. O‘zbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqalardagi ishtiroki va muvaffaqiyatlari nafaqat mamlakat ichida, balki qo‘shni davlatlarda ham katta qiziqish va qo‘llab-quvvatlash bilan kuzatilmoqda. Shu ma’noda, Qirg‘izistonning “Barbol” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan mazkur tashabbus ikki xalq o‘rtasidagi samimiy munosabatlarning yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.

Diplomatlar tomonidan mazkur tashabbus yuqori baholanib, kompaniya rahbariyati va jamoasiga samimiy minnatdorlik izhor etildi.

Mazkur tashrif O‘zbekiston milliy terma jamoasiga bo‘lgan hurmat va ishonchning yana bir yorqin namunasi bo‘lib, sport orqali xalqlarni birlashtirish g‘oyasining amaliy ifodasi sifatida e’tirof etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston milliy terma jamoasiga bo‘lajak uchrashuvlarda omad tilab, sport maydonlarida yangi zafarlar va yuqori natijalar tiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish