Logo

Londondagi nufuzli ko‘rgazmada O‘zbekiston ziyorat turizmi namoyish qilindi

Fevral 18, 2026. 09:30 • 54 soniya

16
Londondagi nufuzli ko‘rgazmada O‘zbekiston ziyorat turizmi namoyish qilindi

LONDON, 18-fevral. /“Dunyo” AA/. Buyuk Britaniya poytaxtidagi “ExCeL London” ko‘rgazmalar markazida ziyorat turizmi sohasining yetakchi vakillarini birlashtirgan “Muslim Travel Show” xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir doirasida O‘zbekistonning ziyorat turizmi sohasidagi imkoniyatlari, jumladan, boy maʼnaviy va madaniy merosi, noyob tarixiy obidalari, xorijiy sayyohlarni qabul qilish uchun mavjud shart-sharoitlar namoyish qilindi.

Taqdimot davomida O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi turizm brendi elchisi Sofi Ibbotson va Buyuk Britaniyaning “Halal Travel Guide” sayyohlik kompaniyasi vakillari musulmon sayyohlar uchun O‘zbekistonga sayohat qilishning afzalliklari, xususan, qulay logistika, rivojlangan mehmonxonalar tarmog‘i va maxsus ishlab chiqilgan ziyorat yo‘nalishlari haqida maʼlumot berdi.

Ko‘rgazmada asrlar davomida islom sivilizatsiyasining muhim markazlari bo‘lgan qadimiy shaharlar – Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkentga alohida eʼtibor qaratildi. Tadbir mehmonlariga muqaddas ziyoratgohlar, tarixiy maqbaralar, zamonaviy sayyohlik dasturlari, milliy taomlar va qulay turar joy imkoniyatlari haqida batafsil maʼlumot taqdim etildi.

2016-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan mazkur ko‘rgazmada qatnashish O‘zbekistonning xalqaro turizm bozoridagi o‘rnini mustahkamlash va ziyorat turizmi sohasida xorijliklar bilan hamkorlikni kengaytirishga xizmat qildi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish