Toshkent va Lahor o‘rtasida navbatdagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi
Fevral 11, 2026. 14:45 • 51 soniya
• 194
LAHOR, 11-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning yirik xususiy aviakompaniyasi hisoblangan “Centrum Air” Pokistonga parvozlarni yo‘lga qo‘yishini maʼlum qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Joriy yil aprel oyidan boshlab mazkur aviakompaniya O‘zbekiston poytaxti Toshkent va Pokistonning ikkinchi yirik shahri – Lahor o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni ochadi. “Toshkent – Lahor” yo‘nalishi bo‘yicha havo qatnovlari haftasiga ikki marta amalga oshirilishi kutilmoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi aviaqatnovlar soni sezilarli darajada oshdi. Xususan, “Uzbekistan Airways” milliy aviakompaniyasi tomonidan Toshkent–Islomobod va Toshkent–Lahor o‘rtasida haftasiga to‘rtta aviaqatnov amalga oshirilyapti.
Bugungi kunga qadar ushbu aviaqatnovlar xizmatidan 30 mingdan ortiq yo‘lovchilar foydalandi. Aniq raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, ushbu qulayliklardan foydalanib, 2025-yilda salkam 19 ming Pokiston fuqarolari O‘zbekistonga sayyohlik maqsadida bordi.
Toshkent va Lahor shaharlari o‘rtasida navbatdagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekiston–Pokiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik, turizm, ilmiy-akademik va taʼlim sohalaridagi almashinuvlar, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
“Centrum Air” aviakompaniyasi 2023-yilda tashkil etilgan. Aviakompaniya parki hozirda 14 ta samolyotdan iborat.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
