O‘zbekiston va Hindiston turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishning yangi bosqichiga o‘tmoqda
Fevral 12, 2026. 09:00 • 2 daq
• 192
MUMBAY, 12-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Sardor Rustamboyev Hindistonning “Wingspan” va «Blink Brand Solutions» turistik kompaniyalari rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot davomida turizm sohasidagi o‘zaro hamkorlikni kengaytirish istiqbollari, shuningdek, Hindistondan O‘zbekistonga sayyohlar oqimini ko‘paytirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Tomonlar so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar jadal surʼatlar bilan rivojlanayotganini, turizm esa gumanitar va iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlashda asosiy yo‘nalishlardan biri ekanini taʼkidladi.
O‘zbekistonning turistik salohiyatini Hindiston bozorida kompleks targ‘ib qilish bo‘yicha yangi yondashuvlar va konsepsiyalarni ishlab chiqishga alohida eʼtibor qaratildi.
Hindistonlik sayyohlar oqimini oshirish maqsadida mintaqa xususiyatlarini hisobga olgan holda yangi marketing strategiyasini amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Xususan, uning doirasida hind va ingliz tillarida ixtisoslashtirilgan veb-saytlar va ommabop ijtimoiy tarmoqlarda sahifalar yaratish, YouTube va boshqa raqamli resurslar imkoniyatlaridan faol foydalanish ko‘zda tutilgan.
MakeMyTrip, Yatra, Booking.com India kabi yirik turagentliklar va platformalarni jalb etish, shuningdek, Hindistonning taniqli jurnalistlari va blogerlari uchun info-turlar tashkil etish ham ijobiy natijalar berishi qayd etildi.
Tomonlar Hindiston kinoindustriyasining badiiy filmlari va musiqiy kliplarini Samarqand, Buxoro, Xiva va O‘zbekistonning boshqa shaharlari hamda maskanlarida suratga olishni tashkil etish istiqbollarini muhokama qildi.
Hindistonning Mumbay, Kolkata, Haydarobod, Bangalor kabi yirik megapolislaridan Toshkent va Samarqandga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslarni yo‘lga qo‘yishning strategik ahamiyati taʼkidlandi.
Muzokaralar yakunida “Wingspan” va «Blink Brand Solutions» kompaniyalari bilan sheriklikda O‘zbekistonning turistik salohiyatini Hindiston bozorida keng targ‘ib qilish konsepsiyasini birgalikda ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Ushbu tashabbuslar ikki tomonlama hamkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish, sayyohlar oqimini ko‘paytirish uchun yangi imkoniyatlar ochish, madaniy aloqalarni mustahkamlash hamda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada rivojlantirishga qaratilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
