“Kalimantan post”: 2026-yilda Imom Buxoriy majmuasi ziyorati uchun 100 ming indoneziyalik kelishi rejalashtirilgan
Fevral 26, 2026. 19:32 • 1 daq
• 16
JAKARTA, 26-fevral. /“Dunyo” AA/. Indoneziyaning nufuzli “Kalimantan post” gazetasida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari Shahzod Islomovning so‘nggi yillarda O‘zbekistonda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan suhbati eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Suhbatda yozilishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilgan islohotlar mamlakatning ziyorat turizmi salohiyatini keskin oshirishga xizmat qildi. Ayniqsa, Samarqandda Imom Buxoriy majmuasi, Toshkentda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining foydalanishga topshirilishi nafaqat musulmon o‘lkalari, balki butun dunyodan sayyohlarni o‘ziga jalb etmoqda.
Mutaxassisning fikricha, 2026-yilda Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilish uchun 100 ming indoneziyalik sayyohning kelishi rejalashtirilgan. Elektron viza statistikasi ham Indoneziyadan murojaatlar soni izchil oshib borayotganini ko‘rsatadi.
Maqolada qayd etilishicha, indoneziyaliklarda Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband kabi tarixiy shaxslarning majmualarini ziyorat qilish istagi tobora ortib bormoqda.
Intervyuda takidlanishicha, ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar nafaqat turizm sohasida, balki ilmiy-tadqiqot yo‘nalishida ham faol rivojlanmoqda. Indoneziyalik olim va tadqiqotchilarda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi eʼlon qilgan xalqaro stipendiya dasturi qiziqish uyg‘otmoqda.
Gazetada akademik almashinuv dasturlari, xalqaro konferensiya va seminarlar ikki davlat o‘rtasidagi tarixiy ildizlarga ega intellektual aloqalarni yangi bosqichga olib chiqayotgani alohida eʼtirof etilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
