Logo

“Travel Tomorrow”: Xitoy va Markaziy Osiyoni bog‘lovchi 22 kunlik yangi temir yo‘l yo‘nalishi besh davlatdan o‘tadi

Fevral 14, 2026. 10:30 • 3 daq

99
“Travel Tomorrow”: Xitoy va Markaziy Osiyoni bog‘lovchi 22 kunlik yangi temir yo‘l yo‘nalishi besh davlatdan o‘tadi

BRYUSSEL, 16-fevral. /“Dunyo” AA/. Belgiyaning “Travel Tomorrow” nashrida “Xitoydan O‘zbekistongacha: Buyuk Ipak yo‘li yangi hashamatli poyezdda qayta tiklanmoqda” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muallif Robbe Bernardning yozishicha, Xitoy va Markaziy Osiyoni bog‘laydigan 22 kunlik yangi temir yo‘l yo‘nalishi 2026-yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan. U yo‘lovchilarga Ipak yo‘lining tarixiy savdo tarmog‘idan ilhomlangan sayohatni taklif qiladi.

“Grand Silk Road by Train” poyezdi besh mamlakat – Pekindan Toshkentgacha taxminan 2400 mil (3862 km) masofani bosib o‘tadi. Poyezd cho‘l landshaftlari, qadimiy shaharlar va YUNESKOning Butunjahon merosi obyektlari orqali harakat qiladi. Yo‘nalish “Golden Eagle Luxury Trains” kompaniyasi tomonidan “GeoEx” sayyohlik operatori bilan hamkorlikda tashkil etilgan.

Sayohat Pekindan boshlanadi. U yerda sayyohlar Buyuk Xitoy devori bo‘ylab yurishlari mumkin bo‘ladi. Keyin poyezd Sianga – terrakota jangchilari shahriga, so‘ngra qoyalardagi g‘or majmualari bilan mashhur bo‘lgan Dunxuan shahriga yo‘l oladi. Gobi cho‘lida yo‘lovchilar qumtepalar bo‘ylab tuyalarda sayr qilishi mumkin.

Xitoy va Qirg‘iziston o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri temir yo‘l aloqasi yo‘qligi sababli, sayohatchilar Qozog‘istonga qisqa havo qatnovini amalga oshiradi. So‘ngra Olmaota, Bishkek, Issiqko‘l va Dushanbe orqali poyezdda O‘zbekistonga yetib boradi. O‘zbekistondagi asosiy to‘xtash joylari Samarqand, Buxoro, Xiva, Qo‘qon va Nukus bo‘lib, ularda sayyohlar uchun hududning madaniy va meʼmoriy merosini ochib beruvchi gidlar bilan ekskursiyalar tashkil etilgan.

Ipak yo‘li Xitoy, Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropani bog‘lagan keng savdo yo‘llari tarmog‘idir. Asrlar davomida bu yo‘llar bo‘ylab savdogarlar, ziyoratchilar va tadqiqotchilar sayohat qilib, tovarlar, g‘oyalar va madaniyat almashgan. Yangi poyezd yo‘nalishi sayyohlarga ushbu tarixiy yo‘lakdan o‘tish va bir vaqtning o‘zida ilgari bitta sayohatga birlashtirish qiyin bo‘lgan joylarga tashrif buyurish imkonini beradi.

“Golden Eagle” poyezdlari bir nechta toifadagi kayutalarni taklif qiladi: 5,5 metr kvadrat maydonli “Silver Class” ikki o‘rinli kupelardan tortib, 7,1 metr kvadrat maydonli “Gold Class” yuqori va pastki javonlargacha. Eng hashamatli “Imperial Suites” 11 metr kvadrat maydonga ega bo‘lib, alohida dam olish zonasi va kengaytirilgan qulayliklar to‘plamini o‘z ichiga oladi.

Bundan tashqari, “Superior” va “Han Dynasty Suite” xonalari mavjud. Poyezdda tog‘lar, cho‘llar va shahar ko‘chalarining panoramik ko‘rinishlariga ega vagonlar, mahalliy va kontinental taomlarni o‘z ichiga olgan restoran vagonlari mavjud.

Yangi yo‘nalishdagi birinchi reys 2026-yil 21-sentyabrdan 12 oktyabrgacha, ikkinchisi esa 2027-yil 30-avgustdan 22-sentyabrgacha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Paket turar joy, aksariyat ovqatlanish, transferlar va sug‘urta qoplamasini o‘z ichiga oladi.

Ushbu yo‘nalishning ishga tushirilishi O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha saʼy-harakatlarning faollashuvi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keladi. Hukumat 2030-yilgacha 20 million xorijiy sayyohni jalb qilishni maqsad qilgan. Rasmiy maʼlumotlarga ko‘ra, 2025-yilda mamlakatga 10,7 milliondan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurgan, bu so‘nggi yillarda sohaning jadal o‘sishini aks ettiradi.

Infratuzilma, transport aloqasi va joylashtirishga investitsiyalar sayyohlar sonining o‘sishini qo‘llab-quvvatlash va qolish muddatini uzaytirish, anʼanaviy tarixiy obyektlardan tashqarida turizmni diversifikatsiya qilishga qaratilgan. “Grand Silk Road by Train” ushbu strategiyaga mos keladi. Chunki u yuqori darajadagi xorijiy sayyohlarga mamlakatning tarixiy shaharlari va kam maʼlum bo‘lgan yo‘nalishlariga kirish imkonini beradi. O‘zbekistonning kengroq sayyohlik va iqtisodiy dasturini amalga oshirishga yordam beradi.

Markaziy Osiyoda temir yo‘l turizmi ham rivojlanmoqda: Xitoy, Qirg‘iziston va O‘zbekistonni bog‘laydigan transchegaraviy yo‘nalishlar qurilmoqda. Bu loyihalar Ipak yo‘lidagi tarixiy obyektlarga yaqinlashish, ham turizm, ham savdo uchun mintaqaviy bog‘liqlikni kuchaytirishi kerak.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish