Logo

O‘zbekiston Misrning yetakchi sayyohlik kompaniyasi bilan hamkorlik qiladi

Fevral 24, 2026. 15:19 • 48 soniya

120
O‘zbekiston Misrning yetakchi sayyohlik kompaniyasi bilan hamkorlik qiladi

QOHIRA, 24-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida Misrning yetakchi “Travco Holidays” sayyohlik kompaniyasi bosh direktori Moataz Sedki bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Suhbat davomida O‘zbekistonning boy tarixiy va maʼnaviy merosi misrlik sayyohlarda tobora katta qiziqish uyg‘otayotgani qayd etildi. Moataz Sedki O‘zbekiston shunchaki dam olish maskani emas, balki Imom Buxoriy, Ibn Sino va Al-Xorazmiy kabi buyuk alloma va mutafakkirlar merosi bilan bog‘liq yo‘nalish, islom sivilizatsiyasi manbalarini aks ettiruvchi maskan ekanini alohida eʼtirof etdi.

Tomonlar sayyohlik almashinuvini faollashtirish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish muhimligini qayd etdi. Bundan tashqari, “Sivilizatsiya ildizlariga sayohat” konsepsiyasi doirasida O‘zbekistonni Misr bozorida ilgari surish, ilmiy va madaniy doiralar bilan hamkorlikni kengaytirish va ixtisoslashtirilgan madaniy sayyohlik paketlarini ishlab chiqish istiqbollari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida Misr tomoni hamkorlikdagi strategiyani amalga oshirish va izchil rivojlantirish O‘zbekistonning mintaqadagi yetakchi madaniy turizm markazlaridan biriga aylanishi uchun sharoit yaratishiga ishonch bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish