Germaniyada “UZBEKISTAN – invest now” jurnalining navbatdagi soni nashr etildi
Fevral 21, 2026. 10:00 • 2 daq
• 111
BERLIN, 21-fevral. /“Dunyo” AA/. Germaniyada mamlakatimizning iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatiga bag‘ishlangan nemis tilidagi “UZBEKISTAN – invest now” jurnalining navbatdagi soni nashrdan chiqdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi va yetakchi nemis iqtisodiy tashkilotlari (AHK, GIC, Ost-Ausschuss) hamkorligida tayyorlangan ushbu nashr Yevropa ishbilarmon doiralari uchun mamlakatimizdagi islohotlar haqida muhim maʼlumot manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.
Jurnalda Germaniya tashqi savdo va investitsiyalar agentligi (GTAI) ekspertlarining tahlillari berilgan. Xususan, nemis mutaxassislarining fikricha, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026–2027-yillarda barqaror olti foizlik o‘sish surʼatini saqlab qoladi. Energetika, qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi tub islohotlar natijasida xorijiy investitsiyalar hajmi 2026-yilda rekord darajaga – 40 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. Ayniqsa, “yashil” energiya ulushini 2030-yilgacha 54 foizga yetkazish strategiyasi nemis investorlarida katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Akram Aliyev va boshqa mutasaddilarning maqolalarida ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1,2 milliard dollardan oshgani va O‘zbekistonda Germaniya kapitali ishtirokidagi 230 ta korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgani qayd etilgan.
“AKA” banki ishtirokida energetika va sanoat sohalarida umumiy qiymati 17 milliard dollarlik 120 ta qo‘shma loyiha hayotga tatbiq etilmoqda. “Viessmann” va “Diehl Metering” kabi kompaniyalar bilan yuqori texnologiyali elektrotexnika vositalarini mahalliylashtirish bosqichiga o‘tilgani alohida eʼtirof etilgan.
Nashrda hududiy rivojlanish, xususan, Buxoro va Samarqand viloyatlarining investitsiyaviy jozibadorligiga keng o‘rin berilgan. “Knauf” va “Curt Bauer” kabi brendlarning muvaffaqiyatli tajribasi nemis texnologiyalari transferiga yorqin misol sifatida keltirilgan.
Xulosa o‘rnida, nemis huquqshunoslari va ekspertlari O‘zbekistonda biznes yuritishning huquqiy asoslari liberallashgani, maʼmuriy jarayonlar to‘liq raqamlashtirilgani va mamlakatning 2026-yilgacha Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lish rejasini yuqori baholaganlar. Ushbu omillar O‘zbekistonni nafaqat mintaqaviy, balki global miqyosda nemis investorlari uchun eng ishonchli va istiqbolli hamkorga aylantirmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
