Ozarbayjon OAV: O‘zbekiston va AQSh strategik sherikligi yangi amaliy mazmun bilan boyitildi
Fevral 21, 2026. 15:30 • 1 daq
• 136
BOKU, 23-fevral. /“Dunyo” AA/. Ozarbayjonning nufuzli “DUNYAİNFO” axborot portalida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vashingtonga tashrifi yakunlariga bag‘ishlangan tahliliy maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrning yozishicha, tashrif doirasida ikki mamlakat o‘rtasida salmoqli hujjatlar to‘plami imzolandi va yirik qo‘shma loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.
Ozarbayjon OAV O‘zbekiston yetakchisining nutqidan iqtibos keltirgan holda, bugungi kunda iqtisodiy kun tartibi ikki davlat munosabatlarining asosiy ustuni ekanini taʼkidlaydi. Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida sheriklarning ishonchliligi va qoidalarning oldindan prognoz qilina olishi hamkorlikning eng muhim omili ekanini qayd etdi.
Maqolada ikki davlat o‘rtasidagi mintaqalararo hamkorlikning yangi bosqichiga alohida eʼtibor qaratilgan. Xususan, O‘zbekiston viloyatlari rahbarlarining Amerika shtatlariga tashriflarini tashkil etish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda. Davlat rahbari ishtirokida yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini qurish, sug‘orishning zamonaviy texnologiyalarini joriy etish, kritik minerallarni qazib olish va yetkazib berish hamda moliya bozorini rivojlantirishga oid muhim kelishuvlar imzolangani qayd etilgan.
“DUNYAİNFO” xulosasiga ko‘ra, AQSh “Eximbank”i va Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasining (DFC) loyihalarni qo‘llab-quvvatlashdagi roli ortib borayotgani O‘zbekiston iqtisodiyotiga bo‘lgan yuksak ishonch ifodasidir. Bu kabi kelishuvlar nafaqat ikki davlat, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasining iqtisodiy barqarorligiga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
