Qatardan qutlov: O‘zbekiston – tashrif buyurishga arziydigan betakror va jozibador mamlakat

Sentabr 01, 2026. 14:30 • 3 daq

36
Qatardan qutlov: O‘zbekiston – tashrif buyurishga arziydigan betakror va jozibador mamlakat
Qatardan qutlov: O‘zbekiston – tashrif buyurishga arziydigan betakror va jozibador mamlakat

DOHA, 1-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Qatardagi turizm brendi elchisi Xolid al-Binali hamda Doha fan va texnologiyalar universiteti rektori Salim bin Nosir al-Naimiy yurtimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali xalqimizga samimiy tabrik va ezgu tilaklarini yo‘lladi:

Xolid Al-Binali, O‘zbekistonning Qatardagi turizm brendi elchisi:

– 1-sentyabr – O‘zbekistonning Mustaqillik kuni. Bu sana o‘zbek xalqi hayotida alohida o‘rin tutuvchi, qadrli va ulug‘ milliy bayramdir.

Butun mamlakat xalqini istiqlol shodiyonasi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!

O‘zbekiston sayohat qilishga arziydigan betakror va jozibador mamlakatdir. Men bu diyorni Markaziy Osiyoning haqiqiy gavhari sifatida ko‘raman.

Bugun yurtingiz dunyo uchun ochiq va mehmondo‘st mamlakat sifatida tobora ko‘proq sayyohlarni o‘ziga jalb qilmoqda. Sayohatchilar uchun yaratilgan qulay sharoitlar tufayli mamlakatga tashrif buyurish osonlashib bormoqda.

O‘zbek xalqining mehmondo‘stligi alohida eʼtirofga loyiq. Vatandoshlaringiz xorijlik mehmonlarni samimiy kutib oladi, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatadi. Bu mehmondo‘stlik O‘zbekistonga tashrif buyurgan har bir insonda unutilmas taassurot qoldiradi.

Mamlakatning tabiati ham nihoyatda go‘zal va xilma-xil. Go‘zal daryolar, maftunkor tog‘lar, betakror manzaralar, qadimiy shaharlar O‘zbekistonni sayyohlar uchun yana-da jozibador qiladi.

O‘zbek milliy taomlari haqida har qancha gapirsang, oz. Palov, somsa, shashlik va boshqa milliy taomlar o‘zining betakror taʼmi bilan har bir mehmonni hayratga soladi.

Shu bois doimo barchani O‘zbekistonga sayohat qilishga, uning boy tarixi, go‘zal tabiati, noyob madaniyati va mehmondo‘st xalqini yaqindan kashf etishga taklif qilaman.

Yana bir bor O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligi qutlug‘ bo‘lsin!

Salim bin Nosir al-Naimiy, Doha universiteti rektori:

– Bismillahir rohmanir rohim.

Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuh!

O‘zbekiston xalqini mustaqillik ayyomi bilan chin yurakdan tabriklayman.

O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi do‘stona, mustahkam va izchil rivojlanib borayotgan munosabatlarni yuksak qadrlaymiz.

Yaqinda oliy taʼlim muassasasida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning yana bir muhim natijasiga guvoh bo‘ldik. Namangan viloyatidan kelgan 15 nafar kasb-hunar mutaxassisi universitetimizda beshta kasbiy yo‘nalish bo‘yicha malaka oshirish va qayta tayyorlash dasturini muvaffaqiyatli tamomladi. Ular uchun tantanali bitiruv marosimi tashkil etildi.

Mazkur qo‘shma tashabbus O‘zbekiston va Qatar o‘rtasida bilim, tajriba va kasbiy ko‘nikmalar almashinuvini rivojlantirish borasidagi hamkorlikning yorqin namunasidir.

Biz ushbu hamkorlikni davom ettirish va O‘zbekiston uchun yana-da ko‘proq malakali mutaxassislar tayyorlashga tayyormiz. Ishonamanki, bu kabi qo‘shma loyihalar ikki mamlakat o‘rtasidagi taʼlim va kasbiy tayyorgarlik sohasidagi aloqalarni yana-da mustahkamlaydi.

O‘zbekiston xalqiga tinchlik-xotirjamlik, farovonlik, doimiy taraqqiyot va ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish