O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishidagi nutqi
Sentabr 01, 2026. 13:55 • 5 daq
• 21
(2026 yil 1 sentyabr, Bishkek sh.)
Hurmatli Sadir Nurg‘ojoyevich!
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti, hurmatli Sadir Nurg‘ojoyevich Japarovga samimiy qabul va sammitni yuksak darajada tashkil etgani uchun chin dildan minnatdorlik izhor etaman.
Qardosh qirg‘iz xalqini davlat suverenitetining 35 yilligi bilan samimiy muborakbod etaman.
Biz Qirg‘izistonning ishonch bilan jadal rivojlanib borayotgani va uning xalqaro maydondagi nufuzi izchil mustahkamlanayotganini ko‘rib turganimizdan mamnunmiz.
O‘zbekiston Respublikasining Mustaqilligi kuni munosabati bilan bildirilgan ezgu tilaklar uchun barchangizga minnatdorlik bildiraman.
Qozog‘iston Respublikasi Qurultoyining birinchi sessiyasi ochilishi munosabati bilan hurmatli Qosim-Jomart Kemelevich Toqayevga bildirilgan tabriklarga qo‘shilaman.
Hurmatli majlis ishtirokchilari!
Biz Qirg‘izistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi davrida erishilgan samarali natijalarni yuksak baholaymiz, bugungi majlis kun tartibi va qarorlar loyihalarini qo‘llab-quvvatlaymiz.
Ushbu sammit ShHT tashkil etilganining 25 yilligi nishonlanayotgan yilda bo‘lib o‘tmoqda.
Hamkasblarimning o‘tgan chorak asr davomida ushbu tashkilot o‘zining zarurligi va samaradorligini namoyon etdi degan fikrlariga to‘liq qo‘shilaman.
Tashkilot “Shanxay ruhi” tamoyillariga amal qilgan holda, teng huquqli muloqotni taʼminladi, mintaqaviy barqarorlik va mamlakatlarimizning barqaror rivojlanishiga ko‘maklashdi.
O‘zbekiston ShHT tashkil etilgan dastlabki kunlardan boshlab uning ochiq, bloklardan xoli va tinchliksevar hamkorlik platformasi sifatida mustahkamlanishini izchil qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Biz hamkorligimiz markazida ShHTning geografik va strategik o‘zagi bo‘lgan Markaziy Osiyo turganini alohida qadrlaymiz.
Hurmatli hamkasblar!
Uchrashuvimiz geosiyosiy bo‘linish, ishonch taqchilligi ortib borayotgan, mojarolar keskinlashayotgan va xalqaro huquq yemirilayotgan bir davrda o‘tmoqda.
Yaqin Sharqdagi vaziyatning rivoji alohida tashvish uyg‘otmoqda.
Biz mintaqada muloqotni qayta tiklash va keskinlikni yumshatishning qatʼiy tarafdorimiz.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
ShHT oldida turgan eng dolzarb vazifalarga to‘xtalib o‘tmoqchiman.
Bugungi kunda nafaqat yuzaga kelayotgan muammolarni samarali hal etish, balki uzoq muddatli istiqbolda Tashkilotni qanday holda ko‘rishni istashimizni aniq tasavvur qilishimiz ham muhimdir.
Davlatlarimizning raqobatbardoshligi ularning salohiyatlarini birlashtirish va birgalikda rivojlanish uchun yangi imkoniyatlar yaratishga tayyorligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq.
Ishonchim komilki, ShHT mamlakatlarining ulkan insoniy, tabiiy, ishlab chiqarish va intellektual resurslari, eng avvalo, xalqlarimiz farovonligini yuksaltirishga xizmat qilishi lozim.
Shu bois, “ShHT – 2040: umumiy taraqqiyot makoni” konseptual qarashini ishlab chiqishga kirishishni taklif etaman.
Uning asosiy maqsadi investitsiyalar, texnologiyalar va bilimlar erkin almashiniladigan, yirik infratuzilma va sanoat loyihalari amalga oshiriladigan, mintaqalar, biznes va odamlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar kengayib boradigan o‘zaro bog‘liq va barqaror makonni shakllantirishdan iborat bo‘lishi lozim.
Iqtisodiy soha ShHT samaradorligining muhim ustuvor yo‘nalishi va bosh ko‘rsatkichi hisoblanadi.
So‘nggi yillarda biznes hamkorligimizning geografiyasi va yo‘nalishlari barqaror ravishda kengayib bormoqda.
O‘zbekistonda ShHT mamlakatlari bilan birgalikda bir yarim mingdan ortiq qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda, o‘zaro savdo va investitsiyalar hajmi ortmoqda.
Ushbu dinamikani ko‘p tomonlama qo‘shilgan qiymat zanjirlarini barqaror rivojlantirishga yo‘naltirish zarur.
Shu maqsadda maxsus iqtisodiy zonalar, ishlab chiqarish jarayonlari, sotuv bozorlari va logistikani birlashtiradigan ShHT Sanoat kooperatsiyasi xaritasini ishlab chiqishni taklif etamiz.
Natijada biznes, investorlar va davlat tuzilmalari uchun amalda universal raqamli darcha paydo bo‘ladi.
Hozirning o‘zidayoq umumiy tamoyillarni kelishish bosqichidan ShHT Taraqqiyot bankini amalda ishga tushirishga o‘tish zarur deb hisoblaymiz.
Ushbu institut faoliyati umummintaqaviy ahamiyatga ega bo‘lgan, hayotga tatbiq etish uchun tayyor investitsiya takliflariga tayanishi lozim.
Hukumat rahbarlari kengashi transport, energetika, sanoat kooperatsiyasi va raqamli infratuzilma sohalaridagi ustuvor loyihalar portfelini tanlashni boshlashi kerak.
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin janoblarining Sunʼiy intellekt sohasida hamkorlik bo‘yicha butunjahon tashkilotini tashkil etish to‘g‘risidagi tashabbusini olqishlaymiz.
O‘ylaymanki, ShHT ushbu yangi texnologik alyansning birinchi hamkorlari qatorida bo‘lishi kerak.
Sunʼiy intellektni rivojlantirish borasidagi saʼy-harakatlarimizni birlashtirish maqsadida ShHTning ochiq ko‘p tilli maʼlumotlar korpusini shakllantirish to‘g‘risida qaror qabul qilishni ham taklif etamiz.
Bundan tashqari, kelgusi yili Toshkentda ShHTning sunʼiy intellekt va yangi raqamli yechimlar bo‘yicha forumini o‘tkazishga tayyormiz.
Aziz do‘stlar!
Iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xavf-xatarlar mamlakatlarimizning oziq-ovqat, suv va energetik xavfsizligiga tobora ko‘proq taʼsir ko‘rsatmoqda.
Yuzaga kelgan vaziyat ShHT doirasida o‘zaro chambarchas bog‘liq ushbu masalalar bo‘yicha yagona kun tartibini shakllantirish zaruratini taqozo etmoqda.
Ushbu kun tartibini ilgari surish maqsadida ShHTning kompleks dasturlarni, texnologiyalar va ilg‘or bilimlar almashinuvini muvofiqlashtiradigan ixtisoslashgan mexanizmini tashkil etishni taklif etamiz.
2035-yilga qadar suv va energetika samaradorligi sohasida ShHTning texnologik hamkorlik dasturini ishlab chiqish bu yo‘nalishdagi qadamlardan biri bo‘lishi mumkin.
Xalqaro transport yo‘laklarining keng tarmoqli tizimini shakllantirishni davom ettirish o‘ta muhimdir.
ShHTga aʼzo davlatlarning temir yo‘l makonlari integratsiyasi bo‘yicha kengash taʼsis etishni maqsadga muvofiq deb hisoblayman. Logistika infratuzilmasini rivojlantirishni muvofiqlashtirish va milliy transport tizimlarining choksiz o‘zaro bog‘lanishini taʼminlashni uning ustuvor vazifasi sifatida ko‘ramiz.
Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni saqlash mintaqamiz xavfsizligi va taraqqiyoti uchun fundamental ahamiyatga ega.
Barchamizga yaratuvchan mintaqaviy jarayonlarga integratsiyalashgan, farovon qo‘shni mamlakat kerak.
Xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlikning keng ko‘lamli masalalarini muhokama qilish uchun ShHTning Afg‘oniston bilan muntazam muloqotini qayta tiklash vaqti keldi.
Ishonchim komilki, bugun ShHT Xartiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi bayonnoma, shuningdek, Universal markaz va Antinarkotik markaz to‘g‘risidagi nizomlarning qabul qilinishi Tashkilotimizning institutsional rivojlanishida yangi bosqichni boshlab beradi.
Toshkent shahrida Xavfsizlikka tahdid va xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha universal markazning samarali faoliyat yuritishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratamiz.
Madaniy-gumanitar hamkorlik bizning o‘zgarmas ustuvor yo‘nalishimiz bo‘lib qolmoqda.
Xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yana-da mustahkamlash maqsadida 2028-2030-yillarga mo‘ljallangan anʼanaviy sanʼat va nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylash hamda ommalashtirish bo‘yicha hamkorlik dasturini tayyorlashni taklif etaman.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
So‘zimning yakunida Pokiston Islom Respublikasining Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik qilishdek masʼuliyatli vazifani qabul qilib olgani munosabati bilan hurmatli Shahboz Sharif janoblariga bildirilgan tabrik so‘zlariga qo‘shilaman.
O‘zbekiston bundan buyon ham keng mintaqamiz barqarorligi va ravnaqi yo‘lida o‘zaro hurmat, yaxshi qo‘shnichilik va ishonch ruhini mustahkamlashga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi