O‘zbekiston Prezidenti Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan ShHTga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashining yubiley yig‘ilishida ishtirok etdi va nutq so‘zladi
Sentabr 01, 2026. 13:25 • 5 daq
• 58
TOSHKENT, 1-sentyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Bishkek shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashining yubiley yig‘ilishida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov raisligida o‘tgan tadbirda Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Masʼud Pezeshkiyon, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon hamda ShHT bosh kotibi Nurlan Yermekbayev va tashkilotning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori Ularbek Sharsheyev ham qatnashdilar etdilar.
Kun tartibiga muvofiq, tashkilotning 25 yillik faoliyati davomida erishilgan yutuqlar, barqarorlikni mustahkamlash, hamkorlikni kengaytirish va birgalikdagi taraqqiyotni davom ettirish borasidagi istiqbolli vazifalar muhokama qilindi. Eng dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan ham ochiq fikr almashildi.
Majlisda delegatsiyalar rahbarlari Prezident Shavkat Mirziyoyev va O‘zbekiston xalqini Mustaqillik kuni bilan samimiy tabrikladilar. Davlatimiz rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ichki islohotlar, mamlakat barqarorligi, xavfsizligi va ravnaqini mustahkamlash, xalq farovonligini yuksaltirishga qaratilgan pragmatik va ochiq tashqi siyosat yuksak baholandi.
O‘zbekiston yetakchisi uchrashuv ishtirokchilarini qutlar ekan, qardosh Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti va xalqiga davlat suverenitetining 35 yilligi munosabati bilan eng ezgu tilaklarini bildirdi. Mamlakat jadal surʼatlarda rivojlanib, uning xalqaro maydondagi nufuzi izchil yuksalib borayotganini alohida taʼkidladi. Qirg‘izistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi davrida erishilgan samarali natijalarni yuqori baholab, majlis kun tartibi va qarorlar loyihalarini qo‘llab-quvvatladi.
Prezidentimiz tashkilot chorak asr davomida o‘zining zarurligi va samaradorligini namoyon etganini qayd etdi. ShHT “Shanxay ruhi” tamoyillariga amal qilgan holda, teng huquqli muloqotni taʼminladi, mintaqaviy barqarorlik va mamlakatlarimizning barqaror rivojlanishiga ko‘maklashdi.
O‘zbekiston ShHT tashkil etilgan dastlabki kunlardan boshlab uning ochiq, bloklardan xoli va tinchliksevar hamkorlik platformasi sifatida mustahkamlanishini izchil qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Markaziy Osiyo uning geografik va strategik o‘zagi ekanligi alohida ahamiyatga ega.
Geosiyosiy bo‘linish, ishonch taqchilligi ortib borayotgan, mojarolar keskinlashayotgan va xalqaro huquq yemirilayotgan sharoitda Yaqin Sharqda muloqotni qayta tiklash va keskinlikni yumshatish zarurligi yana bir bor qayd etildi.
Mamlakatimiz yetakchisi tashkilot oldida turgan eng dolzarb vazifalarni belgilab berdi.
“ShHT – 2040: umumiy taraqqiyot makoni” konseptual qarashini ishlab chiqishga kirishish taklif etildi.
– Uning asosiy maqsadi investitsiyalar, texnologiyalar va bilimlar erkin almashiniladigan, yirik infratuzilma va sanoat loyihalari amalga oshiriladigan, mintaqalar, biznes va odamlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar kengayib boradigan o‘zaro bog‘liq va barqaror makonni shakllantirishdan iborat bo‘lishi lozim, – dedi davlatimiz rahbari.
Muhim ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida ShHT Sanoat kooperatsiyasi xaritasini ishlab chiqish belgilandi. Mazkur xarita ishbilarmonlar, investorlar hamda davlat tuzilmalari uchun yaratilgan yagona universal raqamli darchada maxsus iqtisodiy zonalar, ishlab chiqarish jarayonlari, sotuv bozorlari va logistika tizimini birlashtiradi.
Hozirning o‘zidayoq amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar qatorida ShHT Taraqqiyot bankini amalda ishga tushirish hamda Hukumat rahbarlari kengashi transport, energetika, sanoat kooperatsiyasi va raqamli infratuzilma sohalaridagi loyihalar portfelini shakllantirishni boshlashi maqsadga muvofiqligi qayd etildi.
O‘zbekiston yetakchisi XXR Raisi Si Szinpinning Sunʼiy intellekt sohasida hamkorlik bo‘yicha butunjahon tashkilotini tashkil etish to‘g‘risidagi tashabbusini olqishlab, ShHTning ushbu yangi texnologik alyans bilan sheriklik o‘rnatishini taklif qildi. Tashkilotning ochiq ko‘p tilli maʼlumotlar korpusini shakllantirish to‘g‘risida qaror qabul qilish muhimligini taʼkidladi. Shuningdek, ShHTning sunʼiy intellekt va yangi raqamli yechimlar bo‘yicha forumini o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.
Iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xavf-xatarlarga javoban ShHT doirasida oziq-ovqat, suv va energetika xavfsizligi masalalari bo‘yicha yagona kun tartibini shakllantirish zarurligi taʼkidlandi. Ushbu kun tartibini ilgari surish maqsadida ShHTning kompleks dasturlar, texnologiyalar va ilg‘or bilimlar almashinuvini muvofiqlashtiradigan ixtisoslashgan mexanizmini tashkil etish taklif etildi.
2035-yilga qadar suv va energetika samaradorligi sohasida ShHTning texnologik hamkorlik dasturini ishlab chiqish bu yo‘nalishdagi qadamlardan biri sifatida ko‘rsatib o‘tildi.
Xalqaro transport yo‘laklarining keng tarmoqli tizimini shakllantirish maqsadida ShHTga aʼzo davlatlarning temir yo‘l makonlari integratsiyasi bo‘yicha kengash taʼsis etish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.
Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni saqlash mintaqa xavfsizligi va taraqqiyotining asosiy sharti ekani taʼkidlandi. Shu munosabat bilan ShHTning Afg‘oniston vakillari bilan muntazam muloqotini qayta tiklash tashabbusi ilgari surildi.
Davlatimiz rahbari Toshkent shahridagi Xavfsizlikka tahdid va xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha universal markaz to‘g‘risidagi nizomning qabul qilinishi tashkilot institutsional rivojlanishining yangi bosqichini boshlab berishiga ishonch bildirib, markazning samarali faoliyat yuritishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilishini taʼkidladi.
Qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash maqsadida 2028-2030-yillarga mo‘ljallangan anʼanaviy sanʼat va nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylash hamda ommalashtirish bo‘yicha hamkorlik dasturini tayyorlash taklif etildi.
Yakunda davlatimiz rahbari Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharifni Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislikni qabul qilib olgani munosabati bilan tabrikladi.
Yig‘ilishdan so‘ng hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Xususan, Bishkek deklaratsiyasi, 2002-yil 7-iyundagi SHhT Xartiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi bayonnoma, yadroviy va jismoniy yadroviy xavfsizlikni taʼminlash yo‘lida ko‘p tomonlama sheriklikni mustahkamlash to‘g‘risidagi deklaratsiya hamda hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini yana-da mustahkamlashga qaratilgan muhim hujjatlar to‘plami qabul qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi