O‘zbekiston vakili Avstriyadagi xalqaro liderlik dasturida ilk bor ishtirok etdi
Noyabr 21, 2026. 15:00 • 2 daq
• 84
VENA, 21-noyabr. /“Dunyo” AA/. Avstriyada xalqaro “Austrian Leadership Programs” (ALPS) dasturining 22-yig‘ilishida O‘zbekistondan ilk bor “Sorbon” universiteti rektori Muzaffar Jalolov ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur dastur turli mamlakatlar vakillarining liderlik salohiyatini rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, professional aloqalarni mustahkamlash, Avstriyaning davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, innovatsiyalar va xalqaro munosabatlar sohalaridagi tajribasini o‘rganishga qaratilgan. Bu yilgi dasturda jahonning 31 ta mamlakatidan vakillar qatnashdi.
Besh kun davomida ishtirokchilar Avstriyaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, investitsiyalarni jalb qilish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirish borasidagi tajribasi bilan tanishdi.
Dastur doirasida Avstriya Federal Yevropa va xalqaro ishlar vazirligi, Iqtisodiyot palatasi, Sanoat federatsiyasi hamda biznesni rivojlantirishga ixtisoslashgan tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Ishtirokchilar Karintiya federal yeridagi ilmiy-tadqiqot markazlari, texnologik parklar va yetakchi kompaniyalar faoliyati bilan tanishdi. Jumladan, “Lakeside Science & Technology Park”, “Technology Park Villach”, “Silicon Alps Cluster”, “Silicon Austria Labs” va “Infineon” kompaniyasiga ekskursiyalar tashkil etildi.
Uchrashuvlarda innovatsion ekotizimni rivojlantirish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish va ilm-fan bilan biznes o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Dasturning madaniy va xalqaro yo‘nalishlari doirasida ishtirokchilar Venadagi Amaliy san’at muzeyi hamda BMTning Vena xalqaro markaziga ham tashrif buyurdi.
Venadagi Amaliy san’at muzeyida Avstriya Federal Yevropa va xalqaro ishlar vazirligi davlat kotibi Yozef Shellxorn ishtirokida dasturning tantanali yakunlanish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Muzaffar Jalolovga “ALPS” dasturini muvaffaqiyatli tamomlagani uchun maxsus sertifikat topshirildi.
O‘zbekiston vakilining mazkur xalqaro dasturda ilk bor ishtiroki mamlakatning ta’lim va xalqaro hamkorlik sohalaridagi aloqalarini kengaytirish, Avstriya tajribasini o‘rganish hamda yangi professional hamkorlik yo‘nalishlarini rivojlantirish uchun muhim imkoniyat yaratdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi