O‘zbekiston va Turkiya ishbilarmonlari Mersin da yangi sheriklik loyihalarini ko‘rib chiqdi

Iyul 30, 2026. 20:17 • 2 daq

127
O‘zbekiston va Turkiya ishbilarmonlari Mersin da yangi sheriklik loyihalarini ko‘rib chiqdi
O‘zbekiston va Turkiya ishbilarmonlari Mersin da yangi sheriklik loyihalarini ko‘rib chiqdi
O‘zbekiston va Turkiya ishbilarmonlari Mersin da yangi sheriklik loyihalarini ko‘rib chiqdi

ANQARA, 30-iyul. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Turkiyadagi elchixonasi tomonidan O‘zbekiston ishbilarmonlaridan iborat delegatsiyaning Mersin viloyatiga xizmat safari tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirkorlar safar davomida qator uchrashuv va biznes-forumlarda qatnashdi, ishlab chiqarish korxonalari hamda logistika obyektlari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Mersin Savdo va sanoat palatasi rahbariyati tashabbusi bilan o‘tkazilgan biznes-forumda dehqonchilik, logistika, veterinariya va issiqxona xo‘jaligi yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan fikr-mulohaza almashildi.

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, logistika xarajatlarini kamaytirish hamda eksport infratuzilmasini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Ishbilarmonlar Mersin viloyati O‘zbekiston mahsulotlarini Turkiya, Yevropa va Yaqin Sharq bozorlariga olib chiqishda muhim logistika markazi ekani, ushbu hudud imkoniyatlaridan unumli foydalanish eksport geografiyasini kengaytirishda muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.

Muloqot chog‘ida Mersin Savdo va sanoat palatasi rahbariyati hamda ishbilarmon doiralar vakillaridan iborat delegatsiyaning joriy yil noyabr oyida Samarqandga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, tashrif davomida Turkiyadagi Mersin erkin iqtisodiy zonasi (“MESBAŞ”) faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Savdo aylanmasi 3,5 milliard AQSh dollarini tashkil etuvchi ushbu zonada 330 dan ortiq kompaniya faoliyat yuritadi va mahsulotlar dunyoning 100 dan ortiq mamlakatiga eksport qilinadi.

O‘zbekistondagi “Dena” sharbatlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi kompaniya vakillari “MESBAŞ” rahbariyati bilan muzokaralar olib bordi. Vakillarimiz mahsulotlarini Turkiya va Yevropa bozorlariga yetkazib berishni rivojlantirish maqsadida “MESBAŞ” hududidagi omborxona infratuzilmasidan foydalanish hamda maydonlarni ijaraga olish imkoniyatiga qiziqish bildirdi.

Tashrif yakunlari bo‘yicha savdo, investitsiya, sanoat kooperatsiyasi va logistika sohalaridagi amaliy hamkorlikni izchil davom ettirish yuzasidan muhim kelishuvlarga erishildi.

Mersin viloyati 8,4 milliard AQSh dollarlik eksport hajmi bilan Turkiyaning eng yirik eksport hududlaridan biri hisoblanadi. Bu hudud mamlakatning asosiy dengiz darvozasi sanaladi. 2,2 million nafardan ortiq aholiga ega ushbu viloyat tashqi savdo hamda logistika sohasida muhim o‘rin tutadi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish