Logo

2026-yilda “AFUH” va “HUITM” tomonidan O‘zbekistonda ham xalqaro Haj va Umra ko‘rgazmalari tashkil etiladi

Yanvar 26, 2026. 12:26 • 2 daq

54
2026-yilda “AFUH” va “HUITM” tomonidan O‘zbekistonda ham xalqaro Haj va Umra ko‘rgazmalari tashkil etiladi

KUALA-LUMPUR, 26-yanvar. /“Dunyo” AA/. Malayziyaning “Bernama” axborot agentligi 2026-yilda “AFUH” va “HUITM” sayyohlik tashkilotlari olti mamlakatda, jumladan, O‘zbekiston va Malayziyada xalqaro Haj va Umra ko‘rgazmalarini tashkil etishni rejalashtirmoqda” nomli maqolani eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

ASEAN (Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi) mamlakatlari Umra va Haj federatsiyasi “AFUH” Haj va Umra xalqaro sayohat bozori “HUITM” bilan hamkorlikda islom turizmi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda aloqalarni kengaytirish maqsadida xalqaro ziyorat ko‘rgazmalarini tashkil etishni rejalashtirmoqda.

Kuala-Lumpurda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida “AFUH” prezidenti Mohd Xolid Xarun “HUITM 2026” xalqaro ko‘rgazmalari oltita mamlakatda o‘tkazilishini, birinchi manzil sifatida Malayziya tanlanganini taʼkidladi. 

Soha mutaxassislarining maʼlumot berishicha, “HUITM 2026” ko‘rgazmalari shu yilning 18-iyun kuni Kuala-Lumpurda, 23-iyun kuni Indoneziyada, 27–28-iyun kunlari O‘zbekistonda, 2-iyul kuni Marokashda, 11–12-iyul kunlari Turkiyada va 13-sentyabr kuni Qozog‘istonda tashkil etiladi.

Matbuot anjumanida “HUITM 2026” tashkilotchilari Xakan Saxin, O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi Karomiddin Gadoyev, O‘zbekiston Umra ziyorat turistik agentliklari assotsiatsiyasi prezidenti Sherzod Sami va boshqa mutasaddilar mazkur ko‘rgazmalarining ahamiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.

“HUITM 2026” ko‘rgazmalari O‘zbekiston va boshqa ishtirokchi mamlakatlarning ziyorat turizmi salohiyatini namoyish etish, “Umra va Haj” turoperatorlari, mehmonxonalar, halol restoranlar va aviakompaniyalar o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish uchun platforma bo‘lib xizmat qilishi taʼkidlandi.

“AFUH” prezidenti O‘zbekiston ziyorat turizmi sohasida ulkan salohiyatga ega ekanini va Malayziyaning “Umra va Haj” turoperatorlari uchun Markaziy Osiyodagi asosiy strategik hamkorga aylanishi mumkinligini qayd etdi.

Tadbir doirasida ilk bor ziyorat turizmi sohasida hamkorlikni mustahkamlash maqsadida ASEAN Umra va Haj mamlakatlari federatsiyasi va O‘zbekiston Umra ziyorat turistik agentliklari uyushmasi o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish