Logo

Polsha poytaxtida “Ayol qismati” filmi premyerasi bo‘lib o‘tdi

Yanvar 26, 2026. 09:55 • 2 daq

132
Polsha poytaxtida “Ayol qismati” filmi premyerasi bo‘lib o‘tdi

VARSHAVA, 26-yanvar. /“Dunyo” AA/. Polsha poytaxtida O‘zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan suratga olingan “Ayol qismati” o‘zbek filmining premyerasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Ambasador” tahliliy markazi jurnalidagi maqolaga tayanib.

Kino taqdimotida diplomatik, madaniy va akademik doira vakillari, xavfsizlik va inson huquqlari masalalari bilan qiziquvchi keng auditoriya vakillari ishtirok etgan.

Premyerada O‘zbekiston elchisi Amirsaid Agzamxo‘jayev so‘zga chiqib, ikki davlat o‘rtasida kino sanoatidagi hamkorlik aloqalari haqida gapirdi.

Mazkur o‘zbek filmi rejissyor Dilmurod Masaidov tomonidan suratga olingan bo‘lib, o‘zbek ayollari va bolalarining xorijdagi ekstremistik lagerlardan qaytishi bilan bog‘liq murakkab vaziyatlarga bag‘ishlangan.

Kinokartina Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga binoan O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati va Tashqi ishlar vazirligi tomonidan o‘tkazilgan “Mehr” insonparvarlik missiyasi ishtirokchilarining hayotiy hikoyalariga asoslangan. Ushbu missiya mamlakatning reintegratsiya, masʼuliyat va insonparvarlik yordamiga yangicha yondashuvining ramziga aylandi.

Filmning bosh qahramoni andijonlik ayol voqeasi asosida yaratilgan Sojida obrazidir. Uning hikoyasi zo‘ravonlik va ekstremizm taʼsiriga tushib qolgan oddiy oilaning fojiasini ochib beradi. Sojidaning turmush o‘rtog‘i va akasi ishga ketgach, IShID terrorchilik tashkiloti qo‘liga tushib qoladi va Suriyaga borib qoladi. U bir nechta mamlakatlar orqali mojaro zonasigacha bo‘lgan fojiali yo‘lni bosib o‘tadi.

Qahramon umrining o‘n yilini jangarilar lagerlarida o‘tkazadi, uch marta turmushga chiqadi va har safar yangi yo‘qotishni boshdan kechiradi. U o‘g‘illarini, sog‘lig‘ini va xavfsizlik hissini yo‘qotadi. Uning hikoyasi ko‘pincha boshqalarning qarorlari qurboni bo‘lgan, shu bilan birga, o‘z farzandlarining omon qolishi uchun kurashgan ayollarning azob-uqubatlari haqida taʼsirli guvohlik beradi.

“Ayol qismati” filmining premyerasi 2022-yil sentyabr oyida “Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivalida bo‘lib o‘tgan. O‘shandan beri film bir necha tillarga tarjima qilingan va xalqaro maydonda radikallashuv oqibatlari va gumanitar birdamlik zarurati muhokamasida muhim ovoz sifatida taqdim etilgan.

Varshavadagi namoyish chuqur his-tuyg‘ularni uyg‘otdi va tomoshabinlarni fuqarolarni himoya qilishda davlatning roli, tinchlikning ahamiyati va qurolli mojarolar qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash haqida o‘ylashga majbur qildi. “Ayol qismati” shunchaki film emas, balki eng dramatik voqealardan keyin hamdardlik, masʼuliyat va normal hayotga qaytish umidiga chaqiriqdir.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish