Logo

Misr OAV: Sunʼiy intellekt inson o‘rnini bosuvchi yoki uning taqdirini nazorat qiluvchi qurolga aylanmasligi kerak

Yanvar 26, 2026. 12:29 • 3 daq

32
Misr OAV: Sunʼiy intellekt inson o‘rnini bosuvchi yoki uning taqdirini nazorat qiluvchi qurolga aylanmasligi kerak

QOHIRA, 26-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazarning “Sunʼiy intellekt: taraqqiyot imkoniyatlari va sharʼiy masʼuliyat” sarlavhali maqolasi Misr OAVda keng yoritildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xususan, Misrning nufuzli “Al-Diplomasi” AA va “Al-Xabar al-Yaum” AAda ham O‘zbekiston muftiysining maqolasi arab tilida eʼlon qilindi.

Maqolada yozilishicha, bugungi kunda dunyoda sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar sohasida jadal rivojlanmoqda. Bu texnologiyalar iqtisod, taʼlim, madaniyat, OAV va davlat xizmatlari kabi hayotning turli jabhalarida keng qo‘llanilmoqda. Ushbu keng ko‘lamli o‘zgarishlar sharoitida sunʼiy intellektni axloqiy va diniy nuqtai nazardan o‘rganishga bo‘lgan ehtiyoj tobora ortib bormoqda.

Shu maʼnoda, olimlar sunʼiy intellekt inson aqli va ijodining mahsuli ekanini taʼkidlaydi. Bugungi kunda elektron hukumat, aqlli shaharlar, o‘z-o‘zini boshqaruvchi transport vositalari, uchuvchisiz havo qurilmalari kabi ko‘plab innovatsion tizimlar aynan sunʼiy intellekt asosida ishlamoqda.

Biroq bu taraqqiyot qanchalik katta foyda olib kelmasin, u muayyan qiyinchilik va ehtimoliy xatarlardan xoli emas. Shu bois, sunʼiy intellektdan foydalanishni tartibga solish, uni nazorat qilish va salbiy oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan zarur chora-tadbirlarni ko‘rish talab etiladi. Ayniqsa, din va fatvo bilan bog‘liq nozik sohalarda bu masalaga alohida eʼtibor qaratish lozim.

“Fiqhiy akademiyalar va ilmiy anjumanlarda ishtirok etgan olimlar hamda tadqiqotchilarning yakdil fikricha, sunʼiy intellekt sharʼiy maʼlumotlarni to‘plash, tahlil qilish, tasniflash va ularga yetishni osonlashtirishda yordamchi vosita bo‘lishi mumkin. Biroq unga sharʼiy hukmlarni mustaqil ravishda chiqarish yoki fatvo berishda to‘liq tayanish joiz emas”, deya fikr bildiradi muallif.

Fatvo berish uchun malakali faqihning bevosita ishtirok etishi shart bo‘lib, hukmlar inson holati, zamon, makon, urf-odatlar, ijtimoiy va iqtisodiy sharoitlarga qarab farq qiladi. Bu kabi nozik insoniy omillarni sunʼiy intellekt mustaqil ravishda to‘liq anglay olmaydi. Islom qoidalariga ko‘ra, fatvo beruvchi shaxs masʼul va mukallaf bo‘lishi kerak, bu esa texnik tizimlarda topilmaydi. 

Sunʼiy intellekt fatvo berishda asosiy emas, faqat yordamchi vosita bo‘lib xizmat qiladi. Bu Alloh taoloning quyidagi so‘ziga muvofiqdir: “Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, zikr ahllaridan so‘rangiz” (Nahl surasi, 43-oyat). Shu maʼnoda, hukm chiqarish va sharʼiy masʼuliyatni olishda so‘zsiz ishonchli olimlar asosiy manba hisoblanadi.

Mutaxassislar inson sunʼiy intellektni rivojlantirish jarayonining markazida qolishi kerakligini hamda bu texnologiyalar mustahkam axloqiy va qadriyatlarga oid tamoyillar asosida boshqarilishi lozimligini taʼkidlaydi. Chunki texnologiya o‘z-o‘zidan maqsad emas, balki insonga xizmat qilish va uning ishlarini osonlashtirish vositasidir. U inson o‘rnini bosuvchi yoki uning taqdirini nazorat qiluvchi qurolga aylanmasligi kerak.

Shu nuqtai nazardan, asosiy vazifa sunʼiy intellektni diniy talablar, huquqiy meʼyorlar va milliy qadriyatlar bilan mos ravishda qo‘llashdan iboratdir. Bu esa sharʼiy va insoniy masʼuliyatga zarar yetkazmagan holda, bilim va texnologiyalar rivojini taʼminlashga xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, agar sunʼiy intellekt oqilona va aniq meʼyorlar asosida qo‘llanilsa, u inson hayotining turli sohalarida jamiyat uchun katta yordam bo‘lishi mumkin. Islom olamidagi diniy va ilmiy muassasalar, jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi ham zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalangan holda islomiy maʼrifatni targ‘ib etish, din va ilm o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash hamda zamonaviy global muammolarga yechim topishga o‘z hissasini qo‘shishga doimiy tayyor.

Eng oliy maqsad esa ilm-fan va texnologiya neʼmatlarini insoniyat manfaati yo‘lida safarbar etish, Alloh taoloning roziligiga erishish hamda barqarorlik va taraqqiyotning asosi bo‘lgan axloqiy qadriyatlarni mustahkamlashdan iborat.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish