Isroilda o‘zbekistonlik fuqarolar bilan uchrashuv o‘tkazildi

Iyul 09, 2026. 11:00 • 2 daq

157
Isroilda o‘zbekistonlik fuqarolar bilan uchrashuv o‘tkazildi
Isroilda o‘zbekistonlik fuqarolar bilan uchrashuv o‘tkazildi

TEL-AVIV, 9-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida Isroilda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan vatandoshlarimiz bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot davomida ishtirokchilarga mehnat migrantlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning bandligini taʼminlash hamda xorijda xavfsiz mehnat qilishlari uchun sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida so‘zlab berildi. Xorijga chiqishdan oldin fuqarolarni uyushqoqlik bilan ishga joylashtirish, kasb-hunarga o‘rgatish, chet tillarini o‘qitish, mehnat shartnomalarini rasmiylashtirish va jo‘nab ketishdan oldingi tayyorgarlik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Uchrashuv qatnashchilari mehnat kontraktlari bo‘yicha kafolatlar, ish haqining o‘z vaqtida to‘lanishi, tibbiy sug‘urta, yashash sharoitlari, konsullik xizmatlaridan foydalanish hamda ish beruvchilar bilan nizoli vaziyatlar yuzaga kelganda yordam olish kabi dolzarb masalalarni muhokama qildilar. Elchixona vakillari fuqarolarning huquqlarini himoya qilish mexanizmlari, mehnat nizolarini hal etish tartibi va diplomatik vakolatxona orqali amaliy yordam olish imkoniyatlarini tushuntirib berdilar. Shuningdek, ishtirokchilarning bir qismi konsullik hisobiga qo‘yildi.

Bundan tashqari, uchrashuvda O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar hamda xorijdagi vatandoshlar o‘rtasida o‘zbek tili va madaniyatini saqlab qolish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston fuqarolariga elchixona faoliyati va konsullik xizmatlarini qulay formatda olish imkonini beruvchi “Consular Services” mobil ilovasidan foydalanish imkoniyatlari haqida maʼlumot berildi.

Uchrashuv ishtirokchilari xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarga davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan eʼtibor va g‘amxo‘rlik uchun minnatdorlik bildirib, bu kabi uchrashuvlarni muntazam ravishda o‘tkazib turish muhimligini taʼkidladilar.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish