O‘zbekiston Prezidenti 17-19-fevral kunlari amaliy tashrif bilan AQShda bo‘ladi
Fevral 17, 2026. 09:07 • 44 soniya
• 135
TOSHKENT, 17-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSh Prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan 17-19-fevral kunlari Tinchlik kengashining dastlabki yig‘ilishida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Vashington shahrida bo‘ladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, kengashning birinchi sammiti AQSh Tinchlik institutida bo‘lib o‘tadi hamda G‘azo sektorini tiklash, unga gumanitar yordam ko‘rsatish, ushbu mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlash masalalariga bag‘ishlanadi.
O‘zbekiston yetakchisi tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida Amerikaning yetakchi kompaniyalari va moliya institutlari rahbarlari ishtirokidagi strategik loyihalar taqdimoti hamda iqtisodiy sohaga oid ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimida ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, Tinchlik kengashi AQSh Prezidenti Donald Trampning tashabbusi bilan tashkil etilgan. O‘zbekiston joriy yil yanvar oyida Shveysariyaning Davos shahrida unga taʼsischi davlat sifatida qo‘shildi.
Surat O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olindi
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
