O‘zbekiston Prezidenti va Xitoy Raisi Bishkek shahrida keng ko‘lamli hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar
Avgust 31, 2026. 17:14 • 4 daq
• 46
TOSHKENT, 31-avgust. /“Dunyo” AA/. Bishkek shahrida o‘tayotgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning XXR Raisi Si Szinpin bilan muzokaralari bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, uchrashuv avvalida O‘zbekiston Prezidenti Xitoy yetakchisiga mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan yo‘llagan samimiy tabrigi hamda O‘zbekiston – Xitoy ko‘p qirrali munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shayotgan shaxsiy hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.
Kelgusi yilda mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga 35 yil to‘ladi. Ushbu qutlug‘ sanani keng nishonlash bo‘yicha tadbirlar dasturini tayyorlash taklif etildi.
So‘nggi yillarda ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Barcha darajalarda aloqalar izchil mustahkamlanib, siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va texnologik hamkorlik rivojlanmoqda, madaniy-gumanitar almashinuvlar kengaymoqda.
Tomonlar tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi tizimli strategik muloqotni davom ettirish va parlamentlararo aloqalarni yana-da chuqurlashtirish muhimligini taʼkidladilar. O‘zbekiston “yagona Xitoy” siyosati hamda “uch yovuz kuch”ga qarshi qatʼiy kurashni doimiy qo‘llab-quvvatlashi qayd etildi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi. O‘tgan yili ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 18 milliard dollarga yaqinlashdi. Kelgusida uning yanada o‘sishiga ishonch bildirildi.
Yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini 30 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha yangi marrani belgilash taklif etildi. Shu maqsadda sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish hamda O‘zbekiston korxonalarining Xitoyda o‘tkaziladigan savdo ko‘rgazmalarida faol ishtirokini taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar davom ettiriladi.
Amaldagi qo‘shma investitsiya loyihalari portfeli qariyb 60 milliard dollarni tashkil etmoqda. O‘zbekistonda 6 mingdan ortiq qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.
Energetika, kimyo sanoati, metallurgiya, qurilish materiallari va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, transport va infratuzilma, qishloq xo‘jaligi hamda yuqori texnologiyalar sohalarida sanoat kooperatsiyasining istiqbolli yo‘nalishlari belgilandi. Raqamli iqtisodiyot, tog‘-kon sanoati, mineral resurslarni o‘zlashtirish va qayta ishlash sohalaridagi “o‘sish nuqtalari” kengaytiriladi.
Texnologik sheriklikning yorqin namunasi sifatida “BYD” kompaniyasi bilan elektromobillar ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik qayd etildi. Ishlab chiqarish quvvatlari va mahalliylashtirish darajasini oshirish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
Xitoy kompaniyalariga O‘zbekiston hududlaridagi qo‘shma sanoat zonalarida ishlab chiqarish korxonalarini tashkil qilishda yana-da faol ishtirok etish taklif qilindi.
Xitoyning yetakchi moliya institutlari bilan hamkorlikni yana-da rivojlantirish va ularning mamlakatimizdagi loyihalardagi ishtirokini kengaytirishdan manfaatdorlik bildirildi.
Energetika sohasidagi hamkorlik yuqori baholandi. O‘zbekiston anʼanaviy va muqobil energetika sohalaridagi sheriklikni kengaytirish hamda Xitoy kompaniyalarini tinch atom loyihalariga jalb etishdan manfaatdor.
Hududlararo almashinuvlar faol rivojlanmoqda. O‘zbekistonning barcha viloyatlari Xitoy provinsiyalari bilan faol hamkorlik qilib, ko‘pgina qo‘shma loyihalarni amalga oshirmoqda. May oyida Sian shahrida uchinchi Hududlar forumi bo‘lib o‘tdi.
Transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” strategik temir yo‘lini qurish ishlari samarali davom ettirilmoqda. Mazkur yo‘nalish Yevroosiyo transport ekotizimining muhim bo‘g‘iniga aylanishi hamda “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasidagi o‘zaro bog‘liqlikni yana-da kuchaytirishiga ishonch bildirildi.
Muzokaralar davomida turizm va gumanitar almashinuvlarni kengaytirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Vizasiz tartib amal qilmoqda, ikki mamlakat shaharlari o‘rtasidagi aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirish va parvozlar sonini ko‘paytirish rejalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston va Xitoy madaniyat markazlarini ochish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Yil yakuniga qadar Xitoyda O‘zbekiston madaniyati kunlarini o‘tkazish rejalashtirilgan. 2027-2029-yillarga mo‘ljallangan madaniy tadbirlar dasturini qabul qilish taklif etildi.
Ilm-fan, taʼlim va kadrlar tayyorlash sohalaridagi hamkorlik muntazamlik kasb etgan. “Lu Ban ustaxonalari” va Konfutsiy institutlari faoliyati hamda hududlarda qo‘shma taʼlim loyihalarini rivojlantirish ishlari davom ettiriladi.
Xitoy tilini o‘rganishni, oliy taʼlim muassasalari o‘rtasidagi taʼlim dasturlarini yana-da kengaytirish hamda yurtimiz yoshlarining Xitoyda tahsil olishi uchun kvotalarni oshirishdan manfaatdorlik bildirildi.
Kosmosni o‘zlashtirish hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari qatorida qayd etildi.
“Xitoy – Markaziy Osiyo” formatidagi mintaqaviy sheriklikni yana-da chuqurlashtirish va uning kelgusi yilda Xitoyda bo‘lib o‘tadigan uchinchi sammitiga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
O‘zbekiston Prezidenti Xitoy Raisini mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi. Uchrashuv har doimgidek ishonch, ochiqlik va do‘stlik ruhida o‘tdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi