O‘zbekiston Prezidenti BMT bosh kotibi bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi

Avgust 31, 2026. 17:41 • 2 daq

77
O‘zbekiston Prezidenti BMT bosh kotibi bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi

TOSHKENT, 31-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Bishkek shahrida o‘tayotgan ShHT sammiti tadbirlari doirasida bugun BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, suhbat avvalida BMT Bosh kotibi O‘zbekiston Prezidenti va xalqini mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy tabriklab, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.

BMT va uning institutlari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari Antoniu Guterrishning O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shayotgan shaxsiy hissasini yuqori baholadi. Bosh kotibning tashkilot tizimini isloh qilishga qaratilgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashini aytdi.

Faol muloqot va o‘zaro tashriflar hamda O‘zbekistonning BMTning saylanadigan organlari faoliyatidagi ishtiroki kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. So‘nggi yillarda mamlakatimiz tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 15 ta rezolyutsiyasi qabul qilindi.

Antoniu Guterrish O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda katta yutuqlarga erishayotganini olqishladi. Bu boradagi hamkorlikni yana-da faol davom ettirishga tayyorlik tasdiqlandi.

Suhbat davomida xalqaro va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi. Bo‘lajak qo‘shma tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish