O‘zbekiston Prezidenti Sergelidagi zamonaviy tibbiyot markazini ko‘zdan kechirdi
Iyul 04, 2026. 13:17 • 2 daq
• 10
TOSHKENT, 4-iyul. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Sergeli tumanida joylashgan “Global International Hospital” xususiy ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi faoliyati bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmatlar sifati va qamrovini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan. Shu maqsadda sohaga investitsiyalar jalb etilib, tibbiyotda xususiy sektor faoliyati ham qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Mazkur zamonaviy tibbiyot markazi bugungi kunda aholiga talab yuqori bo‘lgan ko‘plab yo‘nalishlar bo‘yicha tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.
Markazni barpo etish uchun 30 million dollar investitsiya yo‘naltirilgan. Bu yerda yiliga 150 ming nafardan ortiq aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi. Umumiy maydoni 0,5 gektar bo‘lgan muassasada yillik xizmatlar hajmini 15 milliard so‘mga yetkazish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbariga markaz faoliyati to‘g‘risida taqdimot qilindi. Prezidentimiz jarrohlik, reanimatsiya va davolash bo‘limlari, situatsion markazda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
Loyiha doirasida 250 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Jamoada xorijda malaka oshirgan 10 nafardan ziyod yuqori malakali mutaxassis va chet ellik shifokorlar ham bor.
Markaz Buyuk Britaniya, Italiya va Germaniyadan keltirilgan zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan. Xususan, muassasaga PHILIPS kompaniyasining ilg‘or tibbiy texnologiyalari o‘rnatilgan.
Davlatimiz rahbari markazni ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha tayanch tibbiyot muassasasiga aylantirish muhimligini ta’kidladi. Bu yerda to‘planadigan ilg‘or tajriba asosida shifokorlar malakasini oshirish va zamonaviy tibbiy xizmatlar qamrovini kengaytirish yuzasidan mutasaddilarga ko‘rsatmalar berildi.
Prezidentimiz markaz xodimlari bilan muloqot qildi. Sohada mehnat qilayotgan mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash, xususiy tibbiyot tashkilotlari sonini ko‘paytirish hamda aholiga sifatli, zamonaviy va samarali tibbiy xizmat ko‘rsatish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
– Har bir bemorga sifatli va munosib xizmat ko‘rsatish bilan birga, tibbiy va turizm xizmatlarini uyg‘unlashtirish zarur. Bu yo‘nalishni keng targ‘ib qilish, xorij tajribasini o‘rganib, shifoxonalar huzurida mehmonxona infratuzilmasini rivojlantirish kerak, – dedi davlatimiz rahbari.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi