Sankt-Peterburgdan munosabat: Tbilisida Alisher Navoiy haykalining ochilishi O‘zbekiston tarixi va madaniyatiga bo‘lgan chuqur hurmat belgisidir
Iyul 04, 2026. 11:30 • 3 daq
• 87
SANKT-PETERBURG, 4-iyul. /“Dunyo” AA/. A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti O‘zbek madaniyat markazi direktori Asel Rashidova “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2–3-iyul kunlari Gruziyaga amalga oshirgan davlat tashrifi yuzasidan fikr bildirdi:
– O‘zbekiston yetakchisining Gruziyaga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqqan muhim siyosiy voqea sifatida tarixga kirdi. Mazkur tashrif nafaqat iqtisodiy va siyosiy hamkorlikni mustahkamlash, balki xalqlar o‘rtasidagi madaniy, ta’lim va gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish uchun ham keng imkoniyatlar yaratdi.
Tashrifning eng ramziy va tarixiy voqealaridan biri Tbilisi shahrida buyuk o‘zbek shoiri, mutafakkiri va davlat arbobi Alisher Navoiy haykalining ochilishi bo‘ldi. Bu tashabbus o‘zbek xalqi ma’naviy merosiga, o‘zbek tili va adabiyotiga, Sharq sivilizatsiyasining buyuk madaniy qadriyatlariga yuksak ehtirom ifodasidir. Alisher Navoiy merosi bugungi kunda ham millatlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv, insonparvarlik va ma’rifat g‘oyalarini targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Madaniy diplomatiya zamonaviy xalqaro munosabatlarning ajralmas qismiga aylanib borayotgan bugungi davrda O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi gumanitar hamkorlik alohida ahamiyat kasb etadi. Ta’lim, ilm-fan, madaniyat va yoshlar almashinuvi xalqlar o‘rtasida mustahkam ishonch va do‘stlik muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.
A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti huzuridagi O‘zbek madaniyat markazining faoliyati ham aynan shu ezgu maqsadlarga qaratilgan. Markaz o‘zbek tili, adabiyoti va milliy madaniyatini xalqaro maydonda targ‘ib qilish, turli mamlakatlar ta’lim muassasalari va ilmiy markazlari bilan hamkorlikni kengaytirish, madaniy muloqotni rivojlantirish orqali xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik ko‘priklarini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Shu nuqtayi nazardan qaraganda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Gruziyaga davlat tashrifi va Tbilisida Alisher Navoiy haykalining ochilishi O‘zbekiston tarixi va madaniyatiga bo‘lgan chuqur hurmat belgisidir, ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu voqea yangi qo‘shma ilmiy va ta’lim dasturlari, madaniy tadbirlar, tarjima loyihalari, ko‘rgazmalar hamda ijodiy tashabbuslarning amalga oshirilishi uchun mustahkam zamin yaratadi.
Ishonchim komilki, O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar, o‘zaro hurmat va strategik hamkorlik kelgusida yanada rivojlanib, xalqlar farovonligi, ma’naviy yaqinligi va umumiy taraqqiyotiga xizmat qiladi. Madaniyat, ta’lim va insonparvarlik qadriyatlari esa ushbu sheriklikning eng mustahkam poydevori bo‘lib qolaveradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi