O‘zbekiston va Malayziya savdo uyushmalari o‘rtasida memorandum imzolandi
Iyul 04, 2026. 12:30 • 2 daq
• 107KUALA-LUMPUR, 4-iyul. /“Dunyo” AA/. Malayziya kichik va o‘rta biznes xalqaro savdo uyushmasi (SMITA) hamda O‘zbekiston “Savdo va servis” uyushmasi o‘rtasida videokonferensaloqa shaklida Anglashuv memorandumini imzolash marosimi tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Marosimda so‘zga chiqqan O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi Karomiddin Gadoyev ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy sohada hali ishga solinmagan ulkan salohiyat mavjudligini alohida qayd etdi. Elchi mazkur kelishuv shunchaki rasmiy hujjatlar almashinuvi bo‘lib qolmay, balki O‘zbekiston va Malayziyaning kichik va o‘rta biznes ekotizimlari o‘rtasida barpo etilayotgan strategik hamkorlik ko‘prigi vazifasini bajarishiga ishonch bildirdi.
SMITA prezidenti Megan Su ushbu hujjat ikkala tashkilot a’zolariga o‘zaro biznes aloqalarini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar eshigini ochishini ta’kidladi. Malayziya tomoni ikki mamlakatda bo‘lib o‘tadigan milliy va xalqaro miqyosdagi ko‘rgazmalarda tadbirkorlar ishtirokini ta’minlash hamda yangi qo‘shma loyihalarni muhokama qilish uchun doimiy ravishda B2B uchrashuvlarni tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.
Bundan tashqari, Malayziya tomoni o‘zbek mahsulotlarini Janubi-Sharqiy Osiyo bozorida, xususan, “Shopee”, “Lazada” va “TikTok Shop” kabi Malayziyaning eng yirik elektron savdo (e-commerce) platformalarida joylashtirish va keng targ‘ib qilishga tayyorligini ma’lum qildi.
“Savdo va servis” uyushmasi raisi Zafar Hoshimov mazkur memorandumning imzolanishi ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishini qayd etdi. Ushbu kelishuv chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasi vakillari uchun yangi bozorlarni kashf etish va ilg‘or xorijiy tajribani o‘zlashtirishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Tadbir yakunida SMITA va “Savdo va servis” uyushmasi rahbarlari Anglashuv memorandumini tantanali ravishda imzoladilar. Erishilgan kelishuvga muvofiq, tomonlar o‘zaro biznes-missiyalarni tizimli ravishda tashkil etib boradilar. Xususan, joriy yilning sentyabr oyida Malayziya yetakchi kompaniyalari va SMITA vakillaridan iborat nufuzli delegatsiyaning O‘zbekistonga amaliy tashrifini tashkil etish belgilab olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



