O‘zbekiston Prezidenti Toshkentning Yangi Sergeli ko‘chasida amalga oshirilgan ishlar hamda savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari faoliyati bilan tanishdi

Iyul 04, 2026. 12:06 • 2 daq

85
O‘zbekiston Prezidenti Toshkentning Yangi Sergeli ko‘chasida amalga oshirilgan ishlar hamda savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari faoliyati bilan tanishdi

TOSHKENT, 4-iyul. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Sergeli tumanining Ittifoq mahallasidagi Yangi Sergeli ko‘chasida amalga oshirilgan ishlar hamda savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari faoliyati bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, turizm va xizmat ko‘rsatish sohasi kam xarajat bilan ko‘p ish o‘rni yaratish, aholi daromadini oshirish va hududlar qiyofasini yaxshilashda muhim ahamiyatga ega. Toshkent shahrida bu borada katta imkoniyatlar bor.

Yangi Sergeli ko‘chasida tashkil etilgan 24/7 rejimida ishlaydigan turizm, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari aholiga qulay sharoit yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari ochishga xizmat qilmoqda.

Loyihaning umumiy qiymati 18,7 milliard so‘mni tashkil etadi. Ko‘chaning 2,1 kilometr qismining infratuzilmasi to‘liq yaxshilanib, savdo, umumiy ovqatlanish va ko‘ngilochar xizmatlarni o‘z ichiga olgan kunu tun faoliyat yuritadigan hududga aylantirildi.

Aholi dam olishi va sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 10 dan ortiq bolalar maydonchasi, 8 ta vorkaut zonasi, kitob do‘koni hamda nuroniylar maskani tashkil etildi.

Hudud atrofidagi 4 ta mahallada 21 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Yangi Sergeli ko‘chasidan kuniga o‘rtacha 15-20 mingta avtotransport vositasi harakatlanadi. Loyiha to‘liq ishga tushgach, yiliga 1,2 milliondan ortiq tashrif buyuruvchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.

Loyiha doirasida 250 dan ortiq yangi ish o‘rni ochildi. 95 ta mavjud tadbirkorlik subyektining faoliyati kengaytirilib, 22 ta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etildi.

Davlatimiz rahbari mahalla bo‘ylab yurib, milliy me’moriy uslubda ta’mirlangan xonadonlar, obodonlashtirilgan ko‘chalar va aholi uchun yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi. Mahalla faollari va fuqarolar bilan samimiy muloqot qildi.

Prezidentimiz amalga oshirilayotgan ishlar aholi turmush darajasi va farovonligiga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani bilan qiziqdi. Mahalla faollari bu o‘zgarishlar aholi kayfiyatiga, turmush tarzi va daromadiga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotganini, hududning qiyofasi ham, odamlarning ertangi kunga ishonchi ham o‘zgarayotganini ta’kidladi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish